O‘zbekistonda bodring va uzum narxi oshganiga izoh berildi

Jamiyat

image

Ayni kunlarda O‘zbekiston bozorlarida bodring va uzumning narxi keskin ko‘tarilib ketdi. Qishloq xo‘jaligi vazirligi ushbu holat yuzasidan tushuntirish berdi

Vazirlik bodring narxining oshib ketishini ochiq dalalarda yetishtirilgan hosil allaqachon iste’molchilarga yetkazib berilgani va issiqxonalardagi hosilning hali pishib yetilmagani bilan izohlagan. Unga ko‘ra, oldingi yillarda ham noyabr oyi o‘rtalariga kelib bodring narxi o‘sishi kuzatilgan. Jumladan 2021 yilda oldingi oylarga nisbatan noyabrda 1,3 barobarga, 2022 yilda 1,9 barobarga oshgan. 

Aniqlik kiritilishicha, Vazirlar Mahkamasining 2023 yil 27 oktyabrdagi 567-sonli qarori bilan issiqxonalarga kafolatlangan tabiiy gaz yetkazib berish belgilangandan so‘ng ekin ekish ishlari boshlangan. Issiqxonada yetishtirilayotgan mahsulotlar noyabr oyining uchinchi o‘n kunligi va dekabr oyi boshidan terimi boshlanishi bilan ichki bozorda narxlar barqarorlashishi prognoz qilinmoqda. 

Uzum narxining oshishi esa noyabr-dekabr oylarida ko‘p miqdordagi mahsulotlarning saqlash uchun joylashtirilishi oqibatida unga bo‘lgan talabning oshishi bilan bog‘langan. Tahlillarga ko‘ra, 2022 yilning noyabr oyi narx oktyabrga nisbatan 111,5 foizga oshgan bo‘lsa, joriy yilda mos ravishda bu ko‘rsatkich 119 foizga o‘sgan. 

Jumladan, mahsulot navi bo‘yicha husayni 15-25 ming, toyfi 15-20 ming so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, ichki va tashqi bozorda xaridorgir bo‘lgan Rizamat ota naviga bo‘lgan talab keskin oshgan (1 kg 90 ming so‘m atrofida).

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda anor rekord darajada qimmatlagani haqida xabar berilgan edi. Unga ko‘ra, Toshkent supermarketlarida bir kilogramm anor 40-45 ming so‘mdan, bozorlarda esa 25 ming so‘mdan 40 ming so‘mgacha sotilmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

bozor narx bodring uzum

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing