O‘zbekistonda biznesni ro‘yxatga olish tadbiri o‘tkaziladi

Jamiyat

image

O‘zbekistonda joriy yilning 15 oktyabridan 30 noyabriga qadar biznesni ro‘yxatga olish tadbirini o‘tkaziladi. Bu haqda bugun, 2 sentyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev tanishgan aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish yakunlari hamda milliy statistika tizimida islohotlarni jadallashtirishga qaratilgan takliflar taqdimotida so‘z boradi.

Mamlakat aholisi 1989 yildan buyon qariyb ikki barobar, iqtisodiyot esa so‘nggi sakkiz yilda ikki karra o‘sgan. Bunday o‘zgarishlar aholi tarkibi, yashash manzillari, yer resurslari, qishloq xo‘jaligi hamda oziq-ovqat manbalari to‘g‘risida aniq va ishonchli ma’lumotlarga bo‘lgan ehtiyojni oshirgan.

Shu maqsadda joriy yilda o‘tkazilgan aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish natijalari bo‘yicha axborot berilgan.

Dastlabki natijalarga ko‘ra, O‘zbekistonda doimiy aholi soni 39 million 47 ming nafarni tashkil etgan. Amaldagi hisobda aks etmagan 810,6 ming nafar aholining yashash manzili va ijtimoiy maqomiga aniqlik kiritilgan.

Amaldagi ma’lumotlar bilan solishtirganda Jizzax viloyati aholisi 2,7 foiz, Namanganda 1,3 foiz, Surxondaryoda 0,9 foiz va Qashqadaryoda 0,7 foiz kam ekani aniqlangan. Buxoro viloyatida ko‘rsatkich deyarli o‘zgarmagan, boshqa hududlarda esa o‘sgan. Xususan, Toshkent tumani aholisi avvalgi hisobga nisbatan 1,6 barobar ko‘p, Andijon shahrida esa 15,8 foiz kam ekani ma’lum bo‘lgan.

Qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish natijasida hisobda aks etmagan 985,5 ming gektar yerning chegarasi va toifasi aniqlashtirilgan. Shundan 789,5 ming gektari ekin yerlari, 14,1 ming gektari issiqxonalar, 75,3 ming gektari bog‘lar, 21,4 ming gektari tokzorlar va 85 ming gektari baliqchilik havzalariga to‘g‘ri keladi.

Jarayonlarning raqamlashtirilgani hisobiga ro‘yxatga olish xarajati aholi jon boshiga 1,5 ming so‘mdan oshmagan. Bu MDH davlatlaridagi ko‘rsatkichlarga nisbatan 15 barobar kam. Internet orqali ro‘yxatga olish qamrovi 82,3 foizni tashkil etgan. Barcha jarayonlar 15 kunda yakunlanib, O‘zbekiston ro‘yxatga olish tezligi bo‘yicha dunyoda ikkinchi o‘rinni egallagan.

Ro‘yxatga olish natijalari asosida aholi va qishloq xo‘jaligining doimiy yangilanib boradigan statistik registrlari shakllantiriladi. Ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish dasturlariga oid 100 ta, qishloq xo‘jaligi va ekin maydonlariga doir 50 ta ko‘rsatkich yangilanadi. Shuningdek, 2017-2025 yillar uchun milliy hisoblar ko‘rsatkichlari qayta baholanadi.

Taqdimotda iqtisodiy faoliyatni to‘liq statistik hisobga olish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Bugungi kunda kuzatilmaydigan iqtisodiyot ulushi 23 foizni yoki 246 trillion so‘mni tashkil etmoqda. Qishloq xo‘jaligida umumiy aylanmaning 60 foizi ushbu sektor hissasiga to‘g‘ri keladi.

Mehnat bilan band bo‘lgan 15,2 million aholining 6,5 millioni yoki 42 foizining daromadlari rasmiy hisobda to‘liq aks etmayapti. Ro‘yxatdan o‘tgan ko‘plab kichik va o‘rta biznes sub’ektlari amalda ishlamaydi yoki faoliyatini to‘xtatgan.

Mazkur holat halol ishlayotgan va soliq majburiyatlarini to‘liq bajarayotgan korxonalar uchun nosog‘lom raqobat muhitini yuzaga keltirmoqda. Har 4-5 so‘mlik iqtisodiy aylanmaning 1 so‘mi rasmiy statistika e’tiboridan chetda qolmoqda. Ushbu faoliyatni tartibga solish byudjetga qo‘shimcha o‘nlab trillion so‘m tushum ta’minlash va kelgusida soliq yukini kamaytirish imkonini beradi.

Shu munosabat bilan joriy yilning 15 oktyabridan 30 noyabriga qadar biznesni ro‘yxatga olish tadbirini o‘tkazish taklifi ma’qullangan. Uning doirasida mamlakatda faoliyat yuritayotgan barcha iqtisodiy birliklar xatlovdan o‘tkazilib, sub’ektlarning holati, tarkibi va iqtisodiyot tarmoqlari bo‘yicha taqsimotiga aniqlik kiritiladi. Korxona va tashkilotlar to‘g‘risidagi statistik registrlar yangilanib, tanlanma kuzatuvlar uchun ishonchli asos yaratiladi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing