O‘zbekistonda birinchi bo‘lib koronavirusga qarshi emlanadigan toifalarda o‘zgarish bo‘lishi mumkin
Jamiyat
−
22 fevral 2021
11882Koronavirusga qarshi birinchi navbatda vaksina oluvchilar ro‘yxati qayta ko‘rib chiqiladi. Bunga mazkur ro‘yxatga jurnalistlar, blogerlar va ommaviy axborot vositalari hamda jamoat transporti xodimlari, shuningdek chet davlatlarda tahsil oluvchi talabalar va mehnat migrantlari ham kiritilganligining ijtimoiy tarmoqlarda qizg‘in muhokama qilinayotgani sabab bo‘lgan.
Bu haqda bugun, 22 fevral kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasida Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig‘i, sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Bahodir Yusupaliyevning hamda Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonovning aholini koronavirusga qarshi emlash borasida rejalashtirilayotgan ishlar to‘g‘risidagi axborotini tinglash chog‘ida aytib o‘tildi.
Qayd etilishicha, hozirda emlanishi lozim bo‘lgan shaxslarning elektron ro‘yxatini shakllantirish, 3 138 ta emlash punkti, 862 ta harakatdagi va mobil brigadalar faoliyatini yo‘lga qo‘yish, mavjud 1 ta markaziy, 14 ta hududiy hamda 206 ta tuman (shahar) vaksina saqlash omborxonalarini, ulardagi 457 ta sovutkich, 148 ta elektr generator, 121 ta termosumka va termokonteynerni shay holatiga keltirish ishlari olib borilmoqda.
Aholini emlash tadbirlariga jalb etiladigan tibbiyot va boshqa xodimlar joriy yilning fevral oyi yakuniga qadar koronavirusga qarshi emlash masalalari bo‘yicha qayta va to‘liq tayyorgarlikdan o‘tkazish rejalashtirilgan.
Ta’kidlanishicha, koronavirusga qarshi birinchi navbatda vaksina oluvchilar ro‘yxati yuzasidan xalq vakillari tomonidan Hukumatga bir qator takliflar berilgan. Negaki ayni kunlarda koronavirusga qarshi birinchi navbatda vaksina oluvchilar ro‘yxatiga jurnalistlar, blogerlar va ommaviy axborot vositalari hamda jamoat transporti xodimlari, shuningdek chet davlatlarda tahsil oluvchi talabalar va mehnat migrantlari ham kiritilganligi ijtimoiy tarmoqlarda qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘lmoqda.
Parlament eshituvida xalq vakillari keksa va nuroniylar, ijtimoiy himoyaga muhtoj, ya’ni “Temir daftar”ga kiritilgan va nogironligi hamda surunkali kasalliklari bo‘lgan shaxslar, tibbiyot xodimlari, maktab o‘qituvchilari, maktabgacha ta’lim tashkilotlari, shuningdek huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarini birinchi navbatda emlash ishlarini tashkil qilish maqsadga muvofiq bo‘lar edi, degan taklifni ilgari surdi.
Avvalroq, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Namanganga tashrifi davomida mamlakat aholisini koronavirusga qarshi emlash uchun sinovlar olib borilayotganini, natijalariga ko‘ra, eng ma’qul preparat sotib olinishini ma’lum qilgandi. Bundan tashqari, milliarder Alisher Usmonov O‘zbekiston xarid qilishni rejalashtirayotgan 1 mln doza vaksinaning 500 minggini o‘z hisobidan olib berishi ta’kidlangandi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda dastlabki bosqichda xavf guruhiga kiruvchi 4 mln 112 ming kishi emlanishi rejalashtirilgan. bular:
• 65-74 yoshgacha bo‘lgan qariyalar 1 mln 85 ming 797 nafar;
• 75 yoshdan 84 yoshgacha bo‘lgan keksalar 388 ming 686 nafar;
• 85 yosh va undan yuqori keksalar 139 ming 280 nafar;
• tibbiyot xodimlari 447 ming 976 nafar;
• surunkali kasalliklari bor aholi (18-65 yosh) 888 ming 190 nafar;
• maktab o‘qituvchilari 689 ming 383 nafar;
• maktabgacha ta’lim muassasasi xodimlari 223 ming 426 nafar;
• Qurolli Kuchlar va huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari 180 ming nafar.
LiveBarchasi