O‘zbekistonda ba’zi jinoyatlar uchun jazo kuchaytirilmoqda

Jamiyat

image

O‘zbekistonda bir qator huquqbuzarliklar bo‘yicha javobgarlik kuchaytirilmoqda. Xususan, Jinoyat kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilyapti. Bu haqda Prezident tomonidan imzolangan "O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida"gi qonunda aytib o‘tilgan.

Unga ko‘ra, endilikda iste’molchilarning hayoti yoki sog‘lig‘i xavfsizligi talablariga javob bermaydigan tovarlarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab ishlab chiqarganlik, saqlaganlik, tashiganlik yoxud o‘tkazganlik, ishlarni bajarganlik yoki xizmatlarni ko‘rsatganlik uchun 1 yildan 3 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanishi mumkin. Shu vaqtga qadar bunday jinoyat uchun faqatgina jarima, majburiy jamoat yoxud axloq tuzatish ishlariga jalb qilish jazosi tayinlanardi. 

Shuningdek, bunday jinoyat yetkazilgan zararga ko‘ra ko‘proq muddat berilishiga sabab bo‘lishi mumkin. Jumladan, agar ushbu harakatlar badanga o‘rtacha og‘ir yoxud og‘ir shikast yetkazilishiga sabab bo‘lsa, juda ko‘p miqdorda, bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib hamda takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan sodir etilgan bo‘lsa, 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanishi mumkin.

Xuddi shu harakatlar odam o‘lishiga sabab bo‘lsa 5 yildan 7 yilgacha; odamlar o‘limiga, boshqacha og‘ir oqibatlarning kelib chiqishiga sabab bo‘lsa, 7 yildan 12 yilgacha ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlanadi.  

Bundan tashqari, etil spirti, alkogolli va tamaki mahsulotlarini qonunga xilof ravishda ishlab chiqarish BHMning 200 baravaridan 400 baravarigacha miqdorda jarima yoki 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki 3 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq “O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat, Jinoyat-protsessual kodekslariga hamda O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonunga asosan  shaxslarni sharmanda qiladigan uydirmalar bilan bog‘liq huquqbuzarlik uchun javobgarlik belgilanayotgani aytilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

qonun Jinoyat kodeksi jazo jinoyatlar o'zgartirish va qo'shimchalar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing