O‘zbekistonda ayrim qoidabuzarliklar uchun jarima miqdori oshirilmoqda
Jamiyat
−
27 noyabr 2023
9506O‘zbekistonda bir qator huquqbuzarliklar bo‘yicha javobgarlik kuchaytirilmoqda. Xususan, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilyapti. Bu haqda Prezident tomonidan imzolangan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida"gi qonunda aytib o‘tilgan.
Unga ko‘ra, sanitariya qonunchiligi, normalari va qoidalarini hamda gigiyena normativlarini buzganlik uchun fuqarolarga BHMning 5 baravaridan 10 baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa – 15 baravaridan 20 baravarigacha miqdorda jarima solinishi belgilanadi. Shu vaqtga qadar bunday qonunbuzarlik uchun BHMning 1 dan 3 baravarigacha va 5 dan 10 baravarigacha jarima solinardi.
Shuningdek, veterinariya, veterinariya-sanitariya qoidalari va normalarini buzganlik, epizootiyalarga qarshi kurashish choralarini ko‘rmaganlik uchun fuqarolarga BHMning 1 baravaridan 3 baravarigacha mansabdor shaxslarga BHMning 3 baravaridan 5 baravarigacha jarima belgilanmoqda. Avvalgi tahrirga ko‘ra, ushbu qoidabuzarliklar uchun fuqarolarga BHMning 50 foizi, mansabdor shaxslarga esa BHMning 50 foizidan 2 baravarigacha jarima belgilangandi.
Bundan tashqari, hayvonlarning kasalligi haqidagi ma’lumotlarni yashirganlik uchun BHMning 3 baravari miqdorida hamda veterinariya dori vositalari va ozuqabop qo‘shimchalarni ishlab chiqarishda qoidabuzarlikka yo‘l qo‘yganlik uchun BHMning o‘n baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.
Ushbu qoidabuzarliklar jamiyat va davlat manfaatlariga zarar yetkazsa, tinchlik va xavfsizlikka tahdid solinishiga olib kelsa, litsenziya va ruxsat beruvchi hujjatning bekor qilinishiga olib kelishi mumkin.
Shuningdek, Pivo (pivo ichimliklari)ning ulgurji savdosini amalga oshirish, tamaki mahsulotlari bilan chakana va ulgurji savdo qilishga doir faoliyatni amalga oshirish uchun ham xabardor qilish tartibi belgilanmoqda.
Eslatib o‘tamiz, ushbu qonunga muvofiq Jinoyat kodeksiga ham o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilgan hamda ba’zi jinoyatlar uchun javobgarlik muddatlari uzaytirilgandi.
LiveBarchasi