O‘zbekistonda anomal issiq sabab bog‘chalar vaqtinchalik yopilishi mumkin
Jamiyat
−
13 iyul 4729 1 daqiqa
O‘zbekistonda kutilayotgan anomal issiq havo sababli bog‘chalar vaqtincha yopilishi mumkin. Bu haqda QALAMPIR.UZ so‘roviga javoban Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi matbuot kotibi Dilfuza Sobirova ma’lum qildi.
Uning bildirishicha, vazirlik mazkur masala yuzasidan hokimliklar, Sanepidqo‘mita va “O‘zgidromet” agentligi bilan muloqot olib borgan. Hokimliklar sharoitdan kelib chiqib, tegishli choralar ko‘rishi belgilangan.
Qayd etilishicha, kun juda isib ketganda bog‘chalarni vaqtincha yopish ko‘zda tutilgan. Har bir hududiy bo‘limlar o‘z sharoitini o‘rganib chiqadi. Keyin shunga qarab qaror qabul qilinadi. Agar qaysidir hududda bog‘chalar yopilsa, bu haqda e’lon beriladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda joriy hafta oxirigacha jazirama kuchayib, havo harorati ayrim hududlarda 44 darajagacha ko‘tarilishi kutilayotgani haqida xabar berilgan edi. Jazirama sababli Sog‘liqni saqlash vazirligi jazirama yoz kunlarida aholiga issiq ob-havo ta’siridan himoyalanish va salomatlikka e’tibor qaratish bo‘yicha tavsiyalar berdi.
Shuningdek, jazirama sababli Qoraqalpog‘iston Respublikasining Nukus shahri va yana 8 tumanidagi bog‘chalar faoliyati vaqtincha to‘xtatilishi belgilandi.
Live
Barchasi