O‘zbekistonda Amir Temur va Abdulla Oripov haqida film suratga olinadi
Jamiyat
−
12 mart 2020
9118O‘zbekiston xalq shoiri, O‘zbekiston Qahramoni Abdulla Oripov haqida hujjatli film, buyuk sarkarda, temuriylar davlatining asoschisi Amir Temurning yoshligi haqida tarixiy badiiy film ishlanadi. Bu haqda “O‘zbekkino“ Milliy agentligi Bosh direktori Firdavs Abduxoliqov va Qashqadaryo viloyati hokimi Zoir Mirzayev o‘rtasida kechgan uchrashuvida ma’lum qilindi.
Vazirlar Mahkamasida 2019 yil 10 dekabrda o‘tkazilgan yig‘ilish bayoni ijrosini ta’minlash, viloyatlar bilan hamkorlikda badiiy, hujjatli filmlarni suratga olish ishlarini muhokama qilish, joylardagi kinoteatrlar ahvoli bilan yaqindan tanishish kabi masalalarni hal etish uchun “O‘zbekkino“ Milliy agentligi Bosh direktori Firdavs Abduxoliqov Qashqadaryoda bo‘ldi.
Uchrashuvda Qashqadaryo viloyatida tarixiy mavzudagi va zamon qahramoni aks ettirilgan filmlar suratga olish taklifi ham muhokama qilingan.
“Qashqadaryo viloyati bilan hamkorlikda viloyatning buyuk farzandlari hayotini kinoasar qilishga kelishdik. O‘zbek she’riyatining zabardast vakili Abdulla Oripov, Qashqadaryo viloyatining mashhur tarixiy yodgorliklaridan biri Langar Ota ziyoratgohi haqida hujjatli film, buyuk sarkarda Amir Temurning yoshligi haqida tarixiy badiiy film yaratiladi”, deydi “O‘zbekkino“ rahbari Firdavs Abduxoliqov.
Uchrashuvdan keyin viloyatdagi mavjud kinoteatrlarning moddiy texnika ta’minoti va bugungi ahvoli o‘rganildi.
LiveBarchasi