O‘zbekistonda AES qurish uchun maydon bir oy ichida aniq bo‘ladi

Jamiyat

image

Ayni paytda Rossiyaning Sochi shahrida “Atomekspo-2019” xalqaro forumi o‘tkazilmoqda.

Xabaringiz bor, o‘tgan yil Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinning O‘zbekistonga qilgan davlat tashrifi chog‘ida O‘zbekiston va Rossiya yetakchilari O‘zbekistonda birinchi AES qurish loyihasi bo‘yicha qaror qabul qilishgan edi. 

O‘zbekiston energetika vaziri o‘rinbosari – “O‘zatom” agentligi direktori Jo‘rabek Mirzamahmudov so‘zlariga qaraganda, atom dasturining boshlanishi bu trend emas, balki iqtisodiy yechimdir. O‘zbekiston uglevodorodga boy, uning gidroenergetika salohiyati ulkan. Biroq aholi, iqtisodiyot o‘sib boryapti, ehtiyojlar oshmoqda, boz ustiga qazilma boyliklar cheksiz emas. Shuning uchun ham mazkur qaror qabul qilingan. U kelajakka nazar bo‘lib, nafaqat uzoq yillar uchun energiya ta’minotini kafolatlaydi, balki ilm-fanni rivojlantiradi, yangi ish o‘rinlarini yaratadi.

Ma’lumot uchun, “Atomekspo-2019” forumi Sochida o‘n birinchi bor o‘tkazilishi. U davlat tuzilmalari, yirik kompaniyalar rahbarlari, jamoatchilik tashkilotlari va ekspertlarni birlashtiruvchi dunyodagi yirik maydon hisoblanadi. Bu yerda 18 ta majlisda bir stol atrofida tinch atom asosidagi innovatsion taraqqiyot muhokama qilinadi. Zero, tadbirning bosh shiori ham “Atom texnologiyalari yaxshi hayot uchun” deb ataladi. RF rahbari Vladimir Putinning ishtirokchilar va mehmonlarga yo‘llagan tabrik so‘zida qayd etilganidek, o‘tgan davr mobaynida forum o‘z nufuzini mustahkamladi, yirik xalqaro tarmoq tadbiri va talabgir muhokama maydoniga aylandi. Chunki bu yerda atom energetikasi va sanoatining dolzarb muammolari ko‘rib chiqilyapti, istiqbolli ishbilarmonlik aloqalari yo‘lga qo‘yilmoqda.

Forum an’anaga muvofiq “Rosatom” davlat korporatsiyasi tomonidan o‘tkazib kelinmoqda. Uning direktori Aleksey Lixachevning so‘zlariga ko‘ra, tashkil etilgandan buyon ushbu maydon keng muhokama klubiga aylandi. Joriy yilda Sochida 3500 mingdan ziyod delegat hozir bo‘ldi. Xususan, unda qatnashadigan xorijliklar soni ikki barobar ko‘paydi. Ular 74 mamlakatdan tashrif buyurishgan. 

Bugungi kunda tinch atomdan keng foydalanilmoqda. Zotan, uni o‘zlashtirish ko‘plab davlatlar va mintaqalar ravnaqiga turtki beryapti. MAGATE bosh direktori o‘rinbosari Mixail Chudakovning aytishicha, bugungi kunda dunyoda atom energetikasini rivojlantirmoqchi bo‘layotgan mamlakatlar soni 30 ta bo‘lsa, yana shunchasi mazkur tarmoqni yo‘lga qo‘ygani holda global energiya oqimining 11 foizini ishlab chiqaryapti.

Ularning ichida O‘zbekiston ham “katta atom klubi” safiga kirishga intilmoqda. O‘zbekistondagi AES SSER-1200 tipidagi reaktorli ikkita energiya blokiga ega bo‘lishi rejalashtirilyapti. “Rosatom” davlat korporatsiyasi uni xavfsizlikning eng oxirgi(Fukusimadan keyingi) standarti bo‘lgan “3+” asosida barpo etmoqchi. Ishlab chiquvchilarning ta’kidlashicha, bu hozirgi mavjud yechimlarning eng ilg‘oridir.

“O‘zbekiston hududida AES qurilishi uchun asosiy maydon oy davomida aniq bo‘ladi. AES uchun xavfsizlikning barcha tomonlariga javob beradigan va taqiqlovchi omillar yo‘q bo‘lgan eng munosib joyni tanlash bo‘yicha maydon qidiruv ishlari yakunlandi. Hisobotlar tayyor. Hozirda ularni “Rosatom” davlat korporatsiyasi va ixtisoslashtirilgan institutlardagi hamkorlar o‘rganishmoqda. Ularning asosida stansiya texnik loyihalari ostida muhandislik qidiruvlari olib boriladigan ustuvor(asosiy) maydon tanlanadi”, deydi Jo‘rabek Mirzamahmudov.

“O‘zatom” rahbarining qayd etishicha, mazkur ma’lumotlarni o‘rganish asosida atrof-muhitga ta’sir bahosi tayyorlanadi va u ekspertiza hamda jamoatchilik muhokamasidan o‘tkaziladi.

Ma’lumki, atom tebranishlari soniyaning milliardli ulushlarida hisoblanadi. Shunga qaramay, loyihalarni ro‘yobga chiqarishda shoshma-shosharlikka yo‘l qo‘ymaslik ma’qul ko‘riladi. Bunda tarmoqda texnologik inshootlarning qiymatiga ham ahamiyat beriladi albatta. Binobarin, loyiha o‘tadigan bosqichlar oylar, hatto yillarga cho‘ziladi. Ayni chog‘da Forumda O‘zbekiston o‘z atom dasturini izchil amalga oshirayotgani haqida fikrlar bildirildi. Xususan, RF Prezidenti Adminstratsiyasi birinchi rahbari, “Rosatom” kuzatuv kengashi raisi Sergey Kiriyenkoning aytishicha, O‘zbekiston hech mubolag‘asiz oxirgi bir necha yilda delegatsiyalarning ilk maqsadlariyu tashriflari amaliy ishga aylanib ketgan mamlakatlar qatoridan joy oldi. Zero, bunday shijoat davlat iqtisodiyotini real o‘zgartirib, barqaror rivojlanish uchun ulkan salohiyat yaratadi, odamlar hayot darajasini yuksaltiradi.

Tadbirda inson kapitali rivoji haqida ham gap bordi. Ayonki, ushbu masalaga yurtimizda barcha sohalarda jiddiy qaraladi. O‘zbekiston delegatsiyasi a’zolari aytib o‘tganlaridek, atom energetikasini rivojlantirish bo‘yicha dastur qabul qilinishining ertasi kuniyoq MIFI — yadro universiteti filialini tashkil etish to‘g‘risidagi hujjat imzolandi. Hozirda Toshkent bo‘limi joriy yildan boshlab birinchi talabalarni qabul qilishi uchun bor imkoniyatlar ishga solinyapti. 57 nafar yoshlarimiz esa Moskvada o‘qishni boshlab yuborishgan, ular Rossiyadagi soha korxonalarida amaliyot o‘tashadi.

E’tirof etish joiz, O‘zbekiston uchun jabhada tadqiqotlar olib borish yangilik emas. 1959 yildayoq tadqiqot reaktori ishga tushirilgan, yadro fizikasi, matematik modellashtirish bo‘yicha izlanishlar olib borilgan. Aynan “O‘zatom”dagi tajriba va yangi bilimlardan atom stansiyasini qurish, ishga tushirish hamda ekspluatatsiyaga topshirishda foydalanish rejalashtirilyapti. Ushbu ishlarga ekspertlar ham jalb etiladi. Ular hozircha to‘rt nafar — Rossiya, Belarus va Chexiyadan. Kelgusida boshqa mamlakatlardan ham mutaxassislar taklif etiladi.


Maqola muallifi

Teglar

Atomekspo-2019 Rosatom O'zatom

Baholaganlar

11

Reyting

2.7

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing