O‘zbekistonda AES qurilishiga qarshilar bor – Rossiya elchisi

Jamiyat

image

O‘zbekistonda atom elektr stansiyasi qurish loyihasini amalga oshirishni istamaydigan davlatlar bor. Bu haqda Rossiyaning Toshkentdagi elchisi Aleksandr Malginov kecha, 27 dekabr kuni Toshkentda o‘tkazilgan yillik hisobot anjumanida ma’lum qilgan. 

Ta’kidlanishicha, bunga O‘zbekiston AES qurilishi uchun Rossiyaning “Rosatom” kompaniyasini tanlagani sabab bo‘lgan. Ayni paytda loyiha mutaxassislar tomonidan ishlab chiqish bosqichida, qurilish ishlari kelgusi yilda boshlanishi rejalashtirilgan. 

“Biz jarayon konstruktiv va barcha Markaziy Osiyo davlatlari manfaatlaridan kelib chiqqan holda hal qilinadi, degan fikrdamiz. Uning qurilishiga qancha mablag‘ sarflanmasin, o‘z samarasini beradi. Asosiysi, u O‘zbekistonning energiyaga bo‘lgan talabiga javob beradi”, degan Malginov. 

“Rosatom” O‘zbekistonning Jizzax viloyatida “3+” avloddagi ikkita VVER-120 reaktoridan iborat kompleks qurishni rejalashtirmoqda. Mutaxassislarning hisob-kitoblariga ko‘ra, Jizzax AES ishga tushirilganda O‘zbekistonning energiyaga bo‘lgan ehtiyojining 15 foizini ta’minlaydi. 

Qayd etilishicha, hozirda Respublika jiddiy energiya va gaz taqchilligiga duch kelmoqda, agar ilgari O‘zbekiston gazni boshqa davlatlarga eksport qilgan bo‘lsa, endilikda hukumat o‘z sanoati ehtiyojlarini qondirish uchun gaz sotib olishga majbur. Respublika gazni xorijga faqat tuzilgan uzoq muddatli shartnomalar asosida yetkazib beradi. 

Ma’lumot o‘rnida, 2018 yil sentyabr oyi boshida Rossiya Bosh vaziri Dmitriy Medvedev va O‘zbekiston hukumati rahbari Abdulla Aripov Respublika hududida atom elektr stansiyasini qurish bo‘yicha hamkorlik to‘g‘risidagi bitimni imzolagan edi.

2018 yilning oktyabr oyida esa O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin ushbu yirik loyihaga start bergandi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya O'zbekiston AES

Baholaganlar

763

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing