O‘zbekistonda aholini ro‘yxatga olish qachonga rejalashtirilayotgani ma’lum bo‘ldi

Jamiyat

image

O‘zbekistonda aholini ro‘yxatga olish 2026 yilning 15 iyulidan 21 avgustiga qadar o‘tkazilishi rejalashtirilmoqda. Bu haqdagi tegishli farmon loyihasi Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida e’lon qilindi.

Farmon loyihasida aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazishga ko‘maklashish bo‘yicha respublika va hududiy komissiyalar tashkil etilishi ko‘zda tutilgan. Shuningdek, Respublika komissiyasining asosiy vazifalari ham belgilangan. Bular:

  • aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bilan bog‘liq chora-tadbirlarning o‘z vaqtida va sifatli bajarilishini ta’minlash;
  • aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishga doir ishlar jarayonlarining muvofiqlashtirilishi va monitoringini amalga oshirish;
  • aholini ro‘yxatga olish natijalarining tahlilini o‘tkazish;
  • aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishni moliyalashtirish, aholini ro‘yxatga olish materiallariga ishlov berishni tashkil etish va uning yakuniy natijalarini e’lon qilish masalalariga doir takliflarni ko‘rib chiqish;
  • aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishda ishtirok etish uchun jismoniy va yuridik shaxslarni ularning ishiga haq to‘lash masalalarini hal qilgan holda jalb etishni tashkil etish;
  • xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik qilishni amalga oshirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish.

Bundan tashqari, Statistika agentligi aholini ro‘yxatga olishni planshet qurilmalari yordamida o‘tkazish uchun 2024–2026 yillarda zarur texnik va dasturiy vositalarni sotib oladi.

Aholini ro‘yxatga olishda “Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risida”gi qonun hamda shu sohaga oid boshqa qonunchilik hujjatlariga qat’iy rioya etilishi va respondentlardan olingan ma’lumotlar sir saqlanishi aytilgan.

Kadastr agentligi 2025 yil 1 iyulga qadar aholi punktlari va ko‘chalar nom belgilarini o‘rnatish, xonadon va uylarni to‘liq raqamlash ishlarini yakuniga yetkazadi.

Oliy Majlis palatalariga esa 2025 yil 1 sentyabrdan 2026 yil 1 sentyabrga qadar respublika bo‘ylab ma’muriy-hududiy birliklarning chegaralarini o‘zgartirish, toponomik ob’ektlarga nom berish va ularning nomlarini o‘zgartirish ishlarini vaqtincha to‘xtatib turish tavsiya etilgan.

Ma’lumot uchun, aholini ro‘yxatga olish natijasida respublika va hududlar bo‘yicha aholi soni aniq hisoblab chiqiladi. Shuningdek, aholining jinsi, yoshi, oilaviy ahvoli, ma’lumoti, turmush darajasi, yashash sharoiti, bandligi, millati, fuqaroligi hamda boshqa demografik, ijtimoiy-iqtisodiy xususiyatlari bo‘yicha yagona axborot bazasi yaratiladi; demografik siyosatni, aholi sog‘ligini mustahkamlash, ayollar va bolalar ahvolini yaxshilash va oilalarga yordam ko‘rsatish chora-tadbirlarini ishlab chiqish uchun axborotlar bazasi kengaytiriladi; aholi punktlari va shaharlar infratuzilmasini rivojlantirish, mehnat resurslaridan foydalanish va ularni joylashtirish bo‘yicha kelgusi 10-30 yillik rivojlanishning prognoz ko‘rsatkichlarini hisoblash uchun ishonchli poydevor yaratiladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda aholini ro‘yxatga olish ishlari 2026 yilgacha yakunlanishi mumkinligi xabar qilingandi. Ro‘yxatga olishning respublika va hududlar darajasida yakuniy natijalarini olish muddati 2025 yil 1 dekabr etib belgilanishi taklif etilgandi. Shuningdek, aholini ro‘yxatga olish natijalarini rasmiy chop etish, tarqatish, axborot bilan ta’minlash va e’lon qilish, aholini ro‘yxatga olishning dastlabki va yakuniy ma’lumotlarini arxivda saqlashga tayyorlash muddati ham 2025 yil yakuniga belgilangandi.


Maqola muallifi

Teglar

O'zbekiston aholini ro'yxatga olish

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made