O‘zbekistonda aholini ichimlik suvi bilan ta’minlash qamrovi 85 foizga yetkaziladi
Jamiyat
−
05 yanvar 1354 2 daqiqa
O‘zbekistonda 2030 yilgacha aholini ichimlik suvi bilan ta’minlash qamrovi 85 foizga yetkaziladi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik islohotlar agentligining “Mamlakatning 2030 yilgacha mo‘ljallangan taraqqiyotining ustuvor yo‘nalishlari doirasida islohotlarni izchil davom ettirish va yangi bosqichga olib chiqishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi loyihasida so‘z boradi.
Unga ko‘ra, O‘zbekistonda ichimlik suvi xizmatlaridan doimiy foydalanish imkoniyatiga ega aholi ulushini 85 foizgacha oshirish rejalashtirilmoqda.
Xususan:
- 2026 yilda 82 foiz;
- 2027 yilda 83 foiz;
- 2028 yilda 84 foiz;
- 2029 yilda 84 foiz;
- 2030 yilda 85 foiz.
Shu bilan birga, 2030 yilgacha 100 foiz maktabgacha ta’lim tashkilotlari va umumiy o‘rta ta’lim muassasalarini toza ichimlik suvi va zamonaviy sanitariya-gigiyena infratuzilmasi bilan ta’minlash ko‘zda tutilmoqda.
Bundan tashqari, suv ishlatish samaradorligini 25 foizga oshirish, barcha ichimlik suv iste’molchilariga hisoblagichlar o‘rnatishni 100 foiz ta’minlash hamda yerosti suv sathi muammoli holatda bo‘lgan yer maydonlarini 773,4 ming gektargacha kamaytirish (ming. ga /foiz) rejalashtirilmoqda.
Shuningdek, “Tuyamo‘yin” suvombori hajmini qo‘shimcha 1 milliard kub metrga kengaytirib, 1,2 million gektarda suv ta’minotini yaxshilash va ichimlik suv zaxirasini yaratish hamda suvsizlik va qurg‘oqchilikka chidamli, har bir hududning iqlimiga mos ekinlar, meva va uzumning yuqori hosildor navlarini yaratish va hosildorlikni 30-35 foizga oshirish ko‘zda tutilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan murojaatnomasida 2025 yilda 188 ta mahalladagi 715 ming aholi yashaydigan xonadonlarga birinchi marta toza ichimlik suvi kirib borganini aytgan edi.
Live
Barchasi