O‘zbekistonda 9 ta sport turiga alohida e’tibor berilishi kutilmoqda
Sport
−
23 Sentabr 2020
19984O‘zbekistonda “Pandemiyani sport orqali yengamiz!” g‘oyasini o‘zida mujassam etgan O‘zbekiston Respublikasida 2020-2021 yillarda sport siyosatini jadallashtirish dasturi hamda O‘zbekiston Respublikasida 2021-2025 yillarda aholini jismoniy tarbiya va sportga keng jalb qilishning maqsadli ko‘rsatkichlari qabul qilinadi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Ommaviy sportni rivojlantirish va sog‘lom turmush tarzini har bir fuqaroning hayotiga kiritishga qaratilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori loyihasida aytilgan. Qaror loyihasi Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga joylashtirildi.
Mazkur qaror qabul qilinsa, respublikada aholi o‘rtasida ommaviy sportni rivojlantirish va sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilishning ustuvor yo‘nalishlari etib – sportning yurish, yugurish, mini futbol, velosport, badminton, voleybol, stritbol, fitnes, “Workout” — mahalla (ko‘cha) fitnesi turlari belgilanadi.
Quyidagi sport turlarini respublikaning har bir tuman va shaharlarida ommaviylashtirish va rivojlantirish bo‘yicha:
• yurish va yugurish – O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik Kengashi (V.Mahmudov);
• mini futbol – Davlat xavfsizlik xizmati (A.Azizov);
• velosport – Oliy Majlisi Senati (T.Norboyeva);
• badminton – Vazirlar Mahkamasi (A.Abduhakimov);
• voleybol – Jismoniy tarbiya va sport vazirligi (D.Nabiyev);
• stritbol – Adliya vazirligi (R.Davletov);
• fitnes va “Workout” – Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi (R.Mamatov) shaxsan mas’ul etib belgilanmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi, O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi bilan birgalikda 2021 yildan boshlab:
a) yil davomida aholi, shu jumladan yoshlar o‘rtasida 4 bosqichli (mahalla, tuman (shahar), viloyat, respublika) yurish va yugurish, badminton, mini futbol, velosport, voleybol, stritbol, “Workout” bo‘yicha "Sog‘lom oila – yangi O‘zbekiston tayanchi!" shiori ostida sport musobaqalarini;
b) har yili yanvar oyida qishki sport turlari bo‘yicha “Chimgan challenge”, mart oyida “Tashkent Marathon” xalqaro marafoni, aprel oyida milliy va xalq o‘yinlari bo‘yicha “Boysun bahori” festivali, may oyida badminton bo‘yicha “Uzbekistan Shuttle”, iyun oyida Xalqaro olimpiya kuniga bag‘ishlab “Olimpiya oyligi” sport tadbirlari, avgust oyida “Save Aral” xalqaro velomarafoni, sentyabr oyida “Oqtosh-Charvoq mountains” xalqaro velo turniri, oktyabr oyida “World Strongmen CUP” va “Etnosport challenge” xalqaro turniri, oktyabr oyida “Save Aral” xalqaro marafoni, ko‘p bosqichli “Yangi nafas” xalqaro yugurish sport musobaqalari, sentyabr-noyabr oylarida futbol bo‘yicha “Maktablar ligasi”, “Charm to‘p”, “Rahbar kubogi”, “Mahallada futbol” musobaqalarini;
v) “Jismoniy tayyorgarlik darajasi” sport sinovlarini aholining keng qatlamlari barcha qatlamlari o‘rtasida mart-noyabr oylarida tizimli tashkil etilishini ta’minlashi belgilangan.
Qaror loyihasida 2021 yilning 1 apreliga qadar “O‘zbekiston Respublikasida yurish va yugurish, mini futbol, velosport, badminton, voleybol, stritbol va “Workout”, fitnes turlarini ommaviylashtirish va rivojlantirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Vazirlar Mahkamasi qarori qabul qilinishi belgilangan.
Qaror muhokamasi joriy yilning 8 oktyabriga qadar davom etadi.
LiveBarchasi