Sovuq kunlarga tayyorlangan O‘zbekistonda 500 mingdan ortiq odam elektrdan uzilib qoldi

Jamiyat

image

Kecha boshlangan va ayni paytda davom etishi  kuzatilayotgan kuchli shamol, qor bo‘roni oqibatida havo elektr tarmoqlari hamda trasformator punktlariga yetkazilgan shikast natijasida 550 100 iste’molchi elektr energiyasisiz qolgan. Bu haqda "Hududiy elektr tarmoqlari" AJ boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosari Jahongir Obidjonov ma’lum qildi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, respublika bo‘yicha, 110 kV kuchlanishli 7 dona havo liniyalarida va 6-10 kV kuchlanishli 476 dona havo liniyalarida uzilishlar vujudga kelgan. Tezkor ma’lumotlarga ko‘ra, elektr energiyasidagi uzilishlar natijasida 550.100 iste’molchilar elektr energiyasisiz qolgan. 

Tarmoqlarda sodir bo‘ladigan avariyaviy o‘chishlarni tezkor bartaraf etish maqsadida avvaldan hududlarda jami 481 ta tezkor avariyaviy chiqish brigadalari, ularga 378 ta maxsus avariyaviy chiqish mashinalari, maxsus texnikalar hamda rahbar xodimlardan iborat navbatchilik tashkil etilgan bo‘lib, sodir bo‘lgan avariyaviy holatlar  tunu-kun tashkil etilgan navbatchi brigadalar tomonidan texnika xavfsizlik qoidalariga amal qilgan holda ta’mirlash-tiklash ishlari olib borilib, barcha avariyaviy o‘chgan 110-35 kV kuchlanishli tarmoqlar hamda 247 dona 6-10 kV kuchlanishli liniyalar tarmoqqa qayta ulandi.

Ayni vaqtda iste’molchilarni bosqichma-bosqich tarmoqqa qayta ulash ishlari olib borilmoqda. Shuningdek,  elektr energiyasiz qolgan 350.200 dan ortiq yoki deyarli 60 foizi qayta tarmoqqa ulanishi ta’minlandi.

Hozirda respublika bo‘yicha 6-10 kV kuchlanishli 229 dona havo liniyalarda uzilishlar mavjud bo‘lib, ushbu vujudga kelgan favqulodda vaziyatlar oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha “Hududiy elektr tarmoqlari”ning tizim korxonalari xodimlari tomonidan tunu kun ta’mirlash-tiklash ishlari davom ettirilmoqda.

Avariyaviy holatlarni bartaraf etish maqsadida hududiy korxonalarda 395 dona tarmoq transformatorlar, 191,8 tonna transformator moyi, 947 dona tayanchlar, 53,9 tonna turli o‘lchamdagi sim, 41,5 kilometr kabel mahsulotlari hamda 638 dona kabel muftalaridan iborat zaxira yaratildi. Mazkur tezkor brigadalar aloqa vositalari va boshqa zarur jihozlar bilan ta’minlangan.

“O‘zgidromet” ma’lumotiga ko‘ra, bunday noqulay ob-havo sharoiti ayrim hududlarda bugun ham davom etishi mumkin. Shuni hisobga olgan holda, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ aholini elektr energiyasida vujudga kelishi mumkin bo‘lgan uzilishlardan ogohlantirgan.

Qayd etish kerakki, Energetika vaziri Alisher Sultonov bir necha kun avval mamlakatga sovuq havo oqimi yaqinlashayotganidan xabardor ekanini, mas’ul tashkilotlar bunga tayyorgarlik ko‘rayotganini aytgandi.

Avvalroq, poytaxt Toshkentning qator tumanlari hamda Andijon, Buxoro va Sirdaryo viloyatlarida elektr energiyasi ta’minotida uzilishlar kuzatilgani haqida xabar bergan edik.


Maqola muallifi

Teglar

elektr energiyasi

Baholaganlar

139

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing