O‘zbekistonda 310 ming aholi markazlashgan suv ta’minotiga ulanadi
Jamiyat
−
21 iyul 1841 2 daqiqa
O‘zbekistonda ilk bor 310 ming aholi markazlashgan suv ta’minotiga ulanadi. Bu haqda kecha, 20 iyul kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev tanishgan ichimlik va oqova suv xizmatlarini yanada yaxshilash chora-tadbirlari yuzasidan taqdimotda so‘z boradi.
Qayd etilishicha, taqdimotda hududlardagi eng dolzarb masalalarni hal qilishga qaratilgan aniq vazifalar ko‘rsatib o‘tilgan. Jumladan, 513 ta mahallaga markazlashgan ichimlik suvini olib borish, yana 3 mingta mahallada ta’minot sifatini yaxshilash zarurligi ta’kidlangan.
Ichimlik suvini xonadongacha yetkazish ishlarini to‘liq yakunlash masalasiga alohida e’tibor qaratilgan. Shu maqsadda 232 mingta suv kolonkasi o‘rniga tarmoqlarni bevosita uylargacha tortish ko‘zda tutilgan.
Yil yakuniga qadar umumiy qiymati 600 million dollarlik ishlar amalga oshiriladi. Ularning doirasida 1,6 ming kilometr ichimlik suvi va 387 kilometr kanalizatsiya tarmog‘i, 80 ta suv hamda 29 ta oqova suv inshooti quriladi.
Natijada 107 ta mahalladagi 310 ming aholi ilk bor markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlanadi, 453 ta mahallada istiqomat qiluvchi 2,5 million aholi uchun suv ta’minoti yaxshilanadi.
Qashqadaryo viloyatida “Hisorak” suv omboridan ichimlik suvi olib kelish loyihasini jadallashtirish vazifasi qo‘yilgan. Qiymati 217 million dollar bo‘lgan ushbu loyiha Qamashi, G‘uzor va Qarshi tumanlari hamda Qarshi shahridagi 1,1 million aholining ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash imkonini beradi.
Mutasaddilarga loyihaning texnik-iqtisodiy hisob-kitoblari ekspertizasini qisqa muddatda yakunlash va moliyalashtirish manbasini aniqlash topshirilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda ichimlik suvi qamrovi 90 foizga yetkazilishi va buning uchun yana 1,3 mlrd dollar jalb qilinishi haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi