O‘zbekistonda 3 ta yangi orden va 1 medal ta’sis etildi

Jamiyat

image

Avval xabar berganimizdek bugun Oliy Majlis Senatining to‘rtinchi yalpi majlisi bo‘lib o‘tmoqda. Yig‘ilishda turli qonunlar muhokamasi bo‘lib o‘tdi.

Jumladan, “Salomatlik” ordenini ta’sis etish to‘g‘risida”gi hamda “Sog‘lom turmush” medalini ta’sis etish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlari muhokama etildi.

“Salomatlik” ordenini ikki darajadan iborat bo‘lib, I darajali “Salomatlik” ordeni bilan tibbiyot sohasini rivojlantirish, zamonaviy talablar asosida takomillashtirish va aholi salomatligini mustahkamlash ishlariga munosib hissa qo‘shganlar taqdirlanadi. II darajali orden bilan esa aholi salomatligini muhofaza qilish, turli kasalliklarning barvaqt oldini olish va bartaraf etishda faol ishtirok etgan shaxslar mukofotlanadi.

“Sog‘lom turmush” medali ta’sis etilishidan maqsad aholi orasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirish,  shaxsiy gigiyena qoidalariga rioya qilishni keng targ‘ib qilish, jismoniy tarbiya va badantarbiyani  kundalik turmush tarziga aylantirib, jamoatchilikka shaxsiy namuna bo‘layotgan o‘zbekistonliklarning xizmatlarini  e’tirof etish.

Ta’kidlanishicha, “Salomatlik” ordeni hamda “Sog‘lom turmush” medali bilan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar ham taqdirlanishi mumkin.

Bundan tashqari, “Faxriy murabbiy” ordenini ta’sis etish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni ham muhokama qilindi.

“Faxriy murabbiy” ordeni bilan yoshlarni ona Vatanga muhabbat va sadoqat, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash, yosh iste’dod egalarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning bilim va qobiliyatlarini yanada rivojlantirishga munosib hissa qo‘shgan o‘zbekistonliklar taqdirlanadi.

Ushbu ordenni yana kimlar olishi mumkin?

Mazkur orden o‘zining chuqur bilim va boy hayotiy tajribasi bilan yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish va aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilish borasida shaxsiy namuna ko‘rsatib kelayotgan, davlat va jamiyat oldidagi yuksak xizmatlari bilan alohida e’tibor qozongan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, chet el fuqarolari hamda fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar ham mukofotlanishi mumkin.

Bundan tashqari, “Faxriy murabbiy” ordeniga hududlarda ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirish, oilalarda mehr-oqibat va hamjihatlik muhitini mustahkamlash, milliy qadriyatlarni asrab-avaylash va rivojlantirish, aholining kam ta’minlangan qatlamini ijtimoiy himoyalash ishlarida faol ishtirok etgan fidoyilar munosib, deb topiladi.

Shuningdek, “Ustoz-shogird” an’anasi asosida yosh avlodga zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni o‘rgatish, tadbirkorlik va hunarmandchilikka keng jalb etish, yoshlar bandligini ta’minlash borasidagi fidoyiligi, uyushmagan yoshlarni foydali mehnatga jalb etish, yot g‘oyalar ta’siridan asrash, ular o‘rtasida turli salbiy illatlarning oldini olish borasidagi munosib xizmatlari uchun ham yurdoshlarimiz ushbu mukofotga sazovor bo‘lishi belgilangan.
 
Senat a’zolari mazkur Qonunlarni ma’qulladi.


Maqola muallifi

Teglar

Senat

Baholaganlar

38

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing