O‘zbekistonda 3 darajali pensiya tizimi joriy qilinadi
Jamiyat
−
22 noyabr 2019
8029O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 21 noyabr, payshanba kuni aholini ijtimoiy muhofaza qilish sohasidagi ustuvor vazifalar muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazgani haqida xabar bergan edik.
Yig‘ilishda ijtimoiy sug‘urta tizimini isloh qilish, shuningdek, uch darajali pensiya ta’minoti tizimiga o‘tish orqali pensiya badalini to‘lashdan manfaatdorlikni oshirish zarurligi ta’kidlandi.
Bunda, birinchi darajada davlat minimal pensiya miqdorini belgilaydi. Ikkinchi darajada xodimning ish haqidan muayyan summa ushlanib, uning shaxsiy hisob-varag‘ida to‘planadi va Markaziy bank qayta moliyalashtirish stavkasidan kam bo‘lmagan foiz hisoblab boriladi. Uchinchi darajada xodim pensiya jamg‘armasiga ajratiladigan mablag‘ miqdorini o‘zi belgilaydi.
Bu tizim qo‘llanilsa, fuqaro kafolatli davlat pensiyasini olish bilan birga o‘z xohishiga qarab, pensiya yoshida qancha pensiya olishini o‘zi belgilash imkoniga ega bo‘ladi.
Shu bois Moliya vazirligiga Jahon banki va nufuzli moliya tashkilotlari ekspertlari bilan hamkorlikda pensiya tizimini isloh qilish konsepsiyasini ishlab chiqish, shuningdek, ijtimoiy sug‘urta turlarini qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Davlat rahbari hozirgi tizimni “shok terapiyasi” usulida isloh qilish aholining har xil qatlamiga turlicha ta’sir etishini alohida ta’kidlab, mutasaddilarga 2030 yilgacha aholini ijtimoiy muhofaza qilish strategiyasini ishlab chiqish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi. Buning uchun 2020 yil birinchi yarmi yakunigacha aholini ijtimoiy muhofaza qilish bo‘yicha yangi tizimni har bir hududda eksperimentdan o‘tkazish vazifasi qo‘yildi.
Yolg‘iz keksalarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, yashash joyi bo‘lmagan shaxslarni reabilitatsiya qilish markazlari faoliyatini takomillashtirish masalalariga ham e’tibor qaratildi.