O‘zbekistonda 2000 dan ortiq diniy va siyosiy mahbuslar bor – AQSH
Jamiyat
−
15 Oktabr 2021
6383AQSHning Xalqaro diniy erkinlik bo‘yicha komissiyasi joriy yilning 13 oktyabr kuni yangi hisobotini e’lon qildi, unda O‘zbekistondagi diniy va siyosiy mahbuslar haqida so‘z boradi.
Hisobotda aytilishicha, O‘zbekiston qamoqxonalarida 2000 dan ortiq diniy masala bo‘yicha ayblov qo‘yilgan mahbuslar saqlanadi, ulardan 81 nafarining shaxsi aniqlangan.
Hisobot muallifi, AQSH Kongressining Markaziy Osiyodagi inson huquqlari bo‘yicha ma’ruzachisi Stiv Sverdlovning aytishicha, shaxsi aniqlangan 81 mahbusning aksariyati qiynoqqa solingan yoki boshqa yo‘l bilan kamsitilgan.
AQSHning diniy erkinlik bo‘yicha komissiyasi hisoboti “O‘zbekistonning diniy va siyosiy mahbuslari: repressiya amaliyotiga barham berish” deb nomlanadi. Unda aytilishicha, mamlakatda qamalgan diniy mahbuslarning aniq soni anchadan buyon jurnalistlar, huquq himoyachilari, AQSH hukumati, Yevropa Ittifoqi va Birlashgan Millatlar Tashkilotiga noma’lum. O‘zbekiston hukumati bunday mahbuslarning soni va shaxsini hech qachon oshkor qilmagan. Hisobot muallifi Stiv Sverdlov keltirgan yangi raqam O‘zbekistonni sobiq Sovet Ittifoqidagi eng ko‘p diniy mahbuslar yashaydigan mamlakatga aylantiradi.
“2000 dan ortiq dindorlar panjara ortida. Bu sobiq ittifoq Respublikalari ichida eng ko‘pi va dunyodagi eng yuqori ko‘rsatkichlardan biri. Bu odamlarning ozod qilinishiga erishish huquq himoyachilarining asosiy maqsadi bo‘lib qolmoqda”, degan u.
Hisobot muallifi bu mahkumlarga qo‘yilgan ayblovlarga e’tibor qaratgan. Mahkumlarning ko‘pchiligi “mamlakat konstitutsiyaviy tuzumini ag‘darish”, “taqiqlangan adabiyotlarni saqlash yoki tarqatish” va “taqiqlangan diniy guruhlarga a’zolik” kabi jinoyatlarda ayblangan.
Hisobotga ko‘ra, eng muhimi, shaxsi aniqlangan 81 diniy mahbuslarga nisbatan bunday ayblovni tasdiqlovchi aniq dalillar yo‘q. Stiv Sverdlovning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston Jinoyat kodeksida bunday mahkumlarga berilgan bir qancha moddalar bor, ularning aksariyati O‘zbekistonning xalqaro huquqiy majburiyatlariga ziddir.
“O‘zbekiston Jinoyat kodeksi Karimov (Islom Karimov – O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti) davrida qanday bo‘lgan bo‘lsa, shundayligicha qolmoqda. Shuning uchun muammo haligacha saqlanib qolmoqda”, degan hisobot muallifi.
Ta’kidlanishicha, ko‘pchilik diniy mahbuslarni qamoqda saqlash muddatlari noqonuniy ravishda uzaytirilgan. Shuningdek, Stiv Sverdlov Shavkat Mirziyoyevning hokimiyatga kelishi bilan 50 ga yaqin yuqori martabali mahbuslar va boshqa yuzlab diniy mahbuslarning ozod etilganini yuqori baholagan. Unga ko‘ra, oqlanish masalasi hali ham ochiq qolmoqda.
“Chiqarilgan siyosiy mahbuslarning hech biri reabilitatsiya qilinmagan va hozirgacha hukumat bu masalani muhokama ham qilmagan”, degan u.
Komissiyaga ko‘ra, diniy va siyosiy sabablarga ko‘ra hukm qilingan 1176 mahbus qamoqxonalarda, 1000 mahbus esa koloniya-aholi punktlarida, ya’ni ularning umumiy soni 2176 kishini tashkil etadi. Bu mamlakatdagi mahbuslarning 10 foizga yaqini.
Hisobotda yozilishicha, ko‘pincha “turli avlodlarning bir nechta oila a’zolari” din bilan bog‘liq ayblovlar bilan qamoqqa tashlanadi.
“Ko‘p sonli diniy mahbuslar faqat taqiqlangan diniy guruhlarga a’zolikda ayblanib, zo‘ravonliklarga aloqadorligi isbotlanmagan holda hukm qilingan”, deyilgan hisobotda.
Hisobotda mahbuslarning ko‘pchiligi majburiy tartibda va boshqa inson huquqlari standartlari buzilgani uchun chet eldan majburan qaytarilganidan xavotir bildirilgan. Bunday shaxslar orasida BAAdan ekstraditsiya qilingan Muhammadjon Ahmadjonov va mehnat muhojiri bo‘lib, Rossiyadan qaytgach, hibsga olingan Umar Badalov bor.
“O‘zbekiston Jinoyat kodeksining ko‘plab qoidalari, jumladan, “diniy ekstremizm” va “konstitutsiyaga qarshi faoliyat”ga 2021 yil mart oyida kiritilgan o‘zgartirishlar shu qadar noaniq va kengki, ular xalqaro inson huquqlari qonunlarini buzadi”, deyilgan hisobotda.
LiveBarchasi