O‘zbekistonda har kuni o‘rtacha 13 ta YTH sodir bo‘lyapti – statistika
3-sahifa
−
27 iyul 1367 2 daqiqa
2026 yilning yanvar–iyun oylarida O‘zbekistonda 2 286 ta yo‘l-transport hodisasi (YTH) qayd etildi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, mazkur YTHlar oqibatida 3 306 nafar fuqaro jabrlangan.
Hududlar kesimida eng ko‘p YTH Toshkent shahrida qayd etilgan bo‘lib, ularning soni 420 tani tashkil qilgan. Bu respublika bo‘yicha qayd etilgan barcha YTHlarning 18,4 foizi, ya’ni deyarli har beshinchi YTH Toshkent hissasiga to‘g‘ri kelganini anglatadi. Keyingi o‘rinlarda Samarqand viloyati (311 ta), Toshkent viloyati (271 ta) hamda Farg‘ona viloyati (218 ta) joylashgan.
Shuningdek, Namangan viloyatida 196 ta, Andijon viloyatida 160 ta, Qashqadaryo viloyatida 135 ta, Surxondaryo viloyatida 120 ta, Qoraqalpog‘iston Respublikasida 114 ta, Xorazm viloyatida 85 ta, Navoiy viloyatida 83 ta, Jizzax viloyatida 75 ta va Sirdaryo viloyatida 50 ta YTH qayd etilgan.
Hisobot davrida eng kam yo‘l-transport hodisasi Buxoro viloyatida kuzatilgan bo‘lib, u yerda 48 ta YTH ro‘yxatga olingan.
Taqqoslash uchun, 2025 yil yakunida O‘zbekistonda 9 226 ta yo‘l-transport hodisasi qayd etilgan. Ularda 2 188 kishi halok bo‘lgan, 8 901 nafar fuqaro turli darajadagi tan jarohati olgan.
Demak, 2026 yilning dastlabki olti oyidayoq qayd etilgan 2 286 ta yo‘l-transport hodisasi o‘tgan yil davomida qayd etilgan jami YTHlarning qariyb chorak qismini (24,8 foizini) tashkil etgan. Shu davrda 3 306 nafar fuqaro jabrlangani esa 2025 yil davomida jarohatlanganlar sonining 37,1 foiziga teng bo‘lgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2026 yilning yanvar–iyun oylarida O‘zbekistonda mehnat faoliyati bilan bog‘liq 447 ta baxtsiz hodisa qayd etilgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi