O‘zbekistonda yarim yilda ish joylarida 137 kishi halok bo‘ldi
Jamiyat
−
11 iyul 55847 1 daqiqa
2026 yilning yanvar–iyun oylarida O‘zbekistonda mehnat faoliyati bilan bog‘liq 447 ta baxtsiz hodisa qayd etildi. Bu haqda Davlat mehnat inspeksiyasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, ulardan 21 tasi guruhiy, 311 tasi og‘ir oqibatli, 113 tasi esa o‘lim bilan yakunlangan. Ushbu davrda jami 494 nafar fuqaro jabrlangan. Shundan 337 nafari og‘ir, 20 nafari yengil tan jarohati olgan, 137 nafari esa halok bo‘lgan.
Taqqoslash uchun, Davlat mehnat inspeksiyasining 2025 yil yakunlari bo‘yicha hisobotida mamlakatda mehnat faoliyati bilan bog‘liq 849 ta baxtsiz hodisa qayd etilgani ma’lum qilingan edi. Ulardan 216 tasi o‘lim bilan, 583 tasi og‘ir oqibatlar bilan yakunlangan, 50 tasi esa guruhiy hodisalar bo‘lgan. O‘sha yili jami 961 kishi jabrlangan, ularning 248 nafari halok bo‘lgan.
Demak, 2026 yilning dastlabki olti oyidayoq qayd etilgan 447 ta baxtsiz hodisa va 137 nafar o‘lim holati o‘tgan yilgi ko‘rsatkichlarning yarmidan oshganini ko‘rsatmoqda.
Shuningdek, mehnat faoliyati bilan bog‘liq baxtsiz hodisalar oqibatida jabrlanganlar va ularning oila a’zolariga bir martalik hamda oylik to‘lovlar sifatida jami 10 milliard 376 million so‘m undirilgan.
Eslatib o‘tamiz, 2025 yilda O‘zbekistonda mehnat faoliyati bilan bog‘liq 849 ta baxtsiz hodisa qayd etilib, 248 nafar fuqaro halok bo‘lgan edi.
Live
Barchasi