O‘zbekiston yana bir davlat bilan diplomatik aloqa o‘rnatdi
Jamiyat
−
06 mart
8949Kecha, 5 mart kuni AQSHning Nyu-York shahrida O‘zbekiston va Lixtenshteyn o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatish to‘g‘risidagi Qo‘shma kommyunike imzolandi. Bu haqda "Dunyo" axborot agentligi xabar berdi.
Ikki mamlakat hukumatlari nomidan hujjatni O‘zbekistonning BMTdagi doimiy vakili Ulug‘bek Lapasov va Lixtenshteyn Knyazligining BMTdagi doimiy vakili Kristian Venvayzer imzoladi.
Tomonlar xalqaro tashkilotlar, jumladan, BMT va uning ixtisoslashgan muassasalari doirasida qo‘shma hamkorlikni kuchaytirishga o‘zaro tayyor ekanliklarini bildirgan.
“Siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalarda hamkorlikning o‘zaro manfaatli yo‘nalishlarini topish uchun ikki tomonlama aloqalarni faollashtirish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Hujjatning imzolanishi O‘zbekiston bilan Yevropa davlatlari o‘rtasidagi hamkorlikni faollashtirish yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi”, deyiladi xabarda.
Shu tariqa, Lixtenshteyn O‘zbekiston bilan diplomatik munosabatlar o‘rnatgan 146-davlatga aylandi.
Eslatib o‘tamiz, 18 yanvar kuni Kampala shahrida O‘zbekiston Respublikasi va Uganda Respublikasi o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatish to‘g‘risida Qo‘shma kommyunike imzolangan edi. Uganda O‘zbekiston bilan diplomatik munosabatlarni o‘rnatgan 145-mamlakat bo‘lgandi.
LiveBarchasi