O‘zbekiston Yaqin Sharqdan 200 dan ortiq fuqarosini qaytaradi
Jamiyat
−
28 Sentabr 2019 5693 2 daqiqa
O‘zbekistonda Suriyadan 170 nafar va Iroqdan 65 nafar odamning qaytarilishi kutilyapti. Bu haqda O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov joriy yilning 25 sentyabr kuni BMT Xavfsizlik kengashining terrorchilik tahdidiga qarshi kurash masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilishda aytib o‘tdi.
Komilov O‘zbekiston bunday operatsiyalar o‘tkazishda Yaqin Sharqdagi jarayonlarga bevosita aloqador bo‘lgan xalqaro tashkilotlar va davlatlar yordamiga muhtoj ekanini ta’kidladi.
“Iroqdan 65 nafar bola va Suriyadan 170 kishi qaytib kelishini kutmoqdamiz. Shu ma’noda, bizga xalqaro tashkilotlar va Yaqin Sharqdagi jarayonlarda bevosita ishtirok etayotgan davlatlar yordami kerak. Bu, birinchi navbatda, Xavfsizlik kengashining bu yerda yig‘ilgan doimiy a’zolari tomonidan ko‘rsatiladigan yordamga aloqador. Biz bunday hamkorlikka tayyormiz”, dedi Abdulaziz Komilov.
U O‘zbekiston may oyida Yaqin Shaqdagi mojaroli hududdan 156 nafar fuqaro, jumladan 155 nafar ayol va bolalarni ortga qaytarganini eslatib o‘tdi.
“Biz qaytarilayotganlarni reabilitatsiya qilish va jamiyatga reintegratsiya qilishda tajriba orttirdik. Umid qilamanki, bunday operatsiyalarning muvaffaqiyatli amalga oshirilishi jiddiy ijobiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin, bunda yangi guruhlar shunday ziddiyat hududlariga kirishga intilmaydi”, deb ta’kidladi Komilov.
Eslatib o‘tamiz, may oyida o‘tkazilgan “Mehr” operatsiyasi natijasida Suriyaning Al-Xol lageridan 156 nafar o‘zbekistonlik qutqarildi. Operatsiya qanday o‘tkazilgani haqida hujjatli film ham namoyish qilindi.
Live
Barchasi