O‘zbekiston va Turkmaniston aviaaloqalarni qayta tiklamoqchi
Jamiyat
−
05 avgust 2021
3410O‘zbekiston va Turkmaniston havo transporti hamda xalqaro avtomobil qatnovlarini qayta tiklaydi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Investitsiya va tashqi savdo vazirligining Matbuot xizmati xabar bermoqda.
Kecha, 4 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov Ashxobod shahrida Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi Raisining o‘rinbosari, savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy va madaniy hamkorlik bo‘yicha Hukumatlararo komissiya (HK)ning turkman tomonidan raisi Esenmurod Orazgeldiyev bilan muzokaralar o‘tkazdi.
Muzokaralarda tomonlar transport va logistika sohalarida hamkorlikni rivojlantirish istiqbollariga alohida e’tibor qaratdilar. Ikki mamlakat Transport vazirliklari tomonidan sanitariya-epidemiologiya talablariga rioya etgan holda to‘g‘ridan-to‘g‘ri havo transporti hamda xalqaro avtomobil qatnovlarini qayta tiklash masalalari ustida ish borilishiga kelishib olishdi.
Shuningdek, chegara o‘tish nuqtalarining o‘tkazuvchanlik qobiliyatini oshirish, o‘zaro savdoning o‘sishi uchun tarif va notarif to‘siqlarni bartaraf etish hamda ikki mamlakatning transport quvvatlari va tranzit salohiyatidan foydalanish samaradorligini oshirish bo‘yicha qo‘shma chora-tadbirlarni ishlab chiqish ishlari amalga oshiriladi. Ishlab chiqilgan chora-tadbirlar va takliflar O‘zbekiston Respublikasi va Turkmanistonni bog‘lovchi transport yo‘laklarini yanada rivojlantirish uchun tegishli “Yo‘l xaritasi” da birlashtiriladi.