O‘zbekiston va Tojikiston Zarafshon daryosi havzasida GES qurish masalasini muhokama qilmoqda

Jamiyat

image

O‘zbekiston va Tojikiston Zarafshon daryosi havzasida GES qurish va uni ekspluatatsiya qilish tartibi va ulushbay ishtirok etish shartlari to‘g‘risidagi Hukumatlararo Bitim loyihasini muhokama qilishda davom etmoqda.

O‘zbekiston – Tojikiston ishchi guruhining navbatdagi yig‘ilishi mart oyida Dushanbe shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi Matbuot xizmati xabar bermoqda. 

Tojikistonda Zarafshon daryosida umumiy quvvati 320 MVt ga teng ikkita GES qurish masalasini o‘rganib chiqish O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Tojikiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 17 avgustda imzolangan Qo‘shma bayonotida ko‘zda tutilgan.

Keyinchalik ushbu tadbir O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining  PQ-3922 sonli qarori bilan tasdiqlangan  “Yo‘l xaritasi”da ham o‘z ifodasini topgandi. 

Qayd etilishicha, gidroelektrstansiyalarni bosqichma bosqich qurish rejalashtirilgan: avvaliga qiymati 282 mln dollarga teng, quvvati 140 MVt  tashkil etuvchi hamda 700-800 mln kVt-saot elektroenergiya  ishlab chiqaruvchi Yovon GESi qurilishi ko‘zda tutilmoqda.

Navbatdagi bosqichda Fandaryoda qiymati 270 mln dollarga teng, quvvati  135 MVt ni tashkil etuvchi hamda  500-600 mln kVt-soat  elektroenergiya ishlab chiqaruvchi GES qurilishi mo‘ljallangan.

Loyihani moliyalash xalqaro moliyaviy tashkilotlarning qarz va grant mablag‘lari, shuningdek  tomonlarning o‘z mablag‘lari hisobidan amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan.

Qurilgan gidroelektrostansiyalar faqat O‘zbekiston ehtiyojlari uchun 1400 mln kVt-soat  ekologik sof elektr energiya ishlab chiqaradi.  

Shuningdek, loyiha yagona energo tizimni qo‘llab-quvvatlashga hamda GESni birga qurish va ulardan foydalanish jarayonida qo‘shimcha ish o‘rinlarini yaratishga, qolaversa elektr energiyani teng asosda O‘zbekiston va Tojikistonga yo‘naltirishga ko‘maklashadi.

Ma’lumot o‘rnida, ilk bor Tojikiston tomonidan taqdim qilingan Zarafshon daryosida GES qurilishida ulushbay ishtirok etish tartibi va shartlari to‘g‘risidagi hukumatlararo Bitim loyihasi 2019 yil 24 aprelda O‘zbekistonning manfaatdor vazirliklari va idoralari vakillaridan tashkil topgan ishchi guruh tomonidan ko‘rib chiqildi.

2020 yil 28-29 yanvar kunlari  Toshkentda O‘zbekiston Respublikasi Hukumati va Tojikiston Respublikasi Hukumati o‘rtasidagi Zarafshon daryosi havzasida GES qurish va uni ekspluatatsiya qilish tartibi va ulushbay ishtirok etish shartlari to‘g‘risidagi Hukumatlararo Bitim loyihasini muhokama qilish bo‘yicha O‘zbekiston – Tojikiston ishchi guruhining birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Qo‘shma ishchi guruhning navbatdagi majlisida investitsiyalarni himoya qilish va xatarlar darajasiga ta’sir etuvchi O‘zbekiston tomonidan kiritilgan o‘zgarishlar, bahsli masalalarni ko‘rib chiqish mexanizmi, ishlab chiqarilayotgan elektr energiyasini O‘zbekiston tomonidan xarid qilish tartibi va boshqalar muhokama qilinadi.


Maqola muallifi

Teglar

O'zbekiston-Tojikiston GES

Baholaganlar

33

Reyting

2.8

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing