O‘zbekiston va Tojikiston Prezidentlari koronavirus masalasini muhokama qildilar
Jamiyat
−
03 aprel 2020
6287O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 3 aprel kuni Tojikiston Respublikasi Prezidenti Imomali Rahmon bilan telefon orqali muloqot qildi.
Suhbat avvalida birodar davlatlar rahbarlari mintaqaga kirib kelgan yangilanish va yasharish bayrami – Navro‘z munosabati bilan bir-birlarini samimiy qutlab, ezgu tilaklar bildirdi.
Prezidentlar ikki tomonlama hamkorlikning dolzarb masalalarini muhokama qildilar hamda sheriklikni, birinchi navbatda savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, bank-moliya, madaniyat va ta’lim sohalarida kengaytirishning istiqbolli yo‘nalishlarini ko‘rib chiqdilar.
Erishilgan kelishuvlar, shu jumladan mamlakatlarimiz poytaxtlari o‘rtasida qabul qilingan “yo‘l xaritasi”ni amalga oshirish, iqtisodiyotning turli tarmoqlarida o‘zaro manfaatli kooperatsiya loyihalarini ilgari surish bo‘yicha qo‘shma fond tashkil etishni jadallashtirish muhimligi qayd etildi.
Koronavirus infeksiyasi tarqalishiga yo‘l qo‘ymaslik va mintaqada pandemiya oqibatlariga qarshi samarali kurashish maqsadida o‘zaro hamkorlik va yaqindan muvofiqlashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Tomonlar mamlakatlarda ko‘rilayotgan birinchi navbatdagi preventiv choralar va epidemiologik vaziyatni nazorat qilish tadbirlarini to‘liq qo‘llab-quvvatladilar.
Koronavirusga qarshi kurashishda faol hamkorlikni davom ettirish muhim ekani ta’kidlandi.
Davlat rahbarlari, shuningdek, mintaqaviy hamkorlikka oid va xalqaro ahamiyatga molik masalalar yuzasidan fikr almashdilar.
Shuni alohida ta’kidlash o‘rinliki, ayni vaqtda statistik ma’lumotlarga ko‘ra, Markaziy Osiyo mamlakatlaridan Turkmaniston va Tojikistonda koronavirus bilan bog‘liq holat qayd etilmagan.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda koronavirusni yuqtirib olish bilan bog‘liq ilk holat joriy yilning 15 mart kuni qayd etilgan edi. Ayni vaqtgacha koronavirusga chalinganlar 221 nafarga yetdi. Ularning 25 nafari davolandi, 2 nafari vafot etdi.
Qadrli yurtdoshlar, karantin davrida zarurat bo‘lmasa, ko‘chaga chiqmang. Vaqtni oilangiz, farzandlaringiz davrasida o‘tkazing. Unutmang, #UydaHayotBor
LiveBarchasi