Endi o‘zbekistonliklar Shvetsiyaga ishga borishi mumkin

Jamiyat

image

Bugun, 10 iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi hukumati va Shvetsiya qirolligi hukumati o‘rtasida migratsiya va mobillik sohasida keng qamrovli sheriklik to‘g‘risidagi bitim imzolandi. Bu haqda QALAMPIR.UZ jurnalisti xabar berdi. 

Qayd etilishicha, mazkur bitim O‘zbekiston fuqarolariga Shvetsiyada rasmiy tarzda ishlash, o‘qish va yashash imkonini beruvchi davlat tomonidan kafolatlangan yagona huquqiy mexanizm hisoblanadi. Mazkur hujjat mehnat mobilligi, akademik hamkorlik, noqonuniy migratsiyaga qarshi kurash va qaytarish tartiblarini kompleks tarzda tartibga soladi.

Xususan, ushbu hujjat orqali O‘zbekiston fuqarolari Shvetsiya mehnat bozorida qonuniy asosda ish topishi mumkin bo‘ladi. Jumladan, o‘zbekistonliklar tibbiyot, texnika, xizmat ko‘rsatish va parvarishlash kabi eng ko‘p talab etiladigan sohalarda Shvetsiyaga ishlash uchun borishi mumkin. Bundan tashqari, Shvetsiya mehnat bozori modellari, ma’muriy tartib-taomillar va kirish shartlari bo‘yicha keng qamrovli ma’lumot almashinuvi yo‘lga qo‘yiladi. Raqamli platformalar va maqsadli axborot kampaniyalari orqali o‘zbek nomzodlari shved ish beruvchilar bilan bog‘lanish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Shu bilan birga, bitim Shvetsiyada mehnat faoliyatini olib borayotgan O‘zbekiston fuqarolari va ularning oila a’zolarining huquqlarini alohida kafolatlaydi: 

  • mehnat sharoitlari va ish haqi Shvetsiya qonunchiligi asosida ta’minlanadi; 
  • kasallik, homiladorlik va boshqa holatlar uchun ijtimoiy ta’minot qoidalari belgilanadi; 
  • ishchining oila a’zolari huquq va manfaatlari davlatlararo darajada himoya qilinadi.

Bundan tashqari, hujjat O‘zbekistondan Shvetsiyaga o‘qishga boruvchi talabalar, doktorantlar va yosh tadqiqotchilar uchun alohida qulayliklar yaratadi. Shvetsiya davlat dasturdari orqali stipendiya va akademik almashuv dasturlariga murojaat qilish rag‘batlantiriladi. Kasbiy ta’lim va o‘qitish sohasida hamkorlik kengaytiriladi, jumladan, tarmoqqa xos shved tili o‘qitiladi hamda mehnat xavfsizligi va sog‘liqni saqlash modullari tatbiq etiladi.

Qayd etilishicha, ikki tomon turli viza toifalarini berish va bo‘lish muddatini soddalashtirish bo‘yicha o‘zaro hamkorlikni davom ettirishga kelishgan. Alohida bitim asosida diplomatik pasport egalari uchun 30 kunlik muddatga vizasiz kirish tartibi belgilangan.

Shuningdek, bitim nafaqat ishlash va o‘qish imkoniyatlarini ochadi, balki noqonuniy migratsiya, odam savdosi va hujjatlarni qalbakilashtirishga qarshi kurashda hamkorlikni ham belgilab beradi. Agar O‘zbekiston yoki Shvetsiya fuqarosi boshqa davlat hududida noqonuniy tarzda yashayotganligi aniqlansa, u o‘z yurtiga qaytariladi. 

Eslatib o‘tamiz, joriy yil boshida Prezident Shavkat Mirziyoyev Tashqi ishlar vazirligi va xorijdagi diplomatik vakolatxonalar faoliyati yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazib, Yaponiya, Shvetsiya, Norvegiya, Bolgariya, Avstriya, Xorvatiya, Sloveniya, Serbiya, Gretsiya va O‘mon bilan migratsiyaga oid hukumatlararo va idoralararo bitimlarni imzolash muhimligini aytgan edi. 


Maqola muallifi

Teglar

Shvetsiya migratsiya migratsiya bitimi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing