O‘zbekiston va Rossiya migrantlarning huquqlarini himoya qilishga kelishib oldi

Olam

image

Avvalroq, O‘zbekiston vazirlik va idoralaridan tarkib topgan delegatsiya migrantlar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha yig‘ilishda qatnashish uchun Rossiyaga yo‘l olgani haqida xabar bergan edik. Kecha, 29 aprel kuni O‘zbekiston va Rossiya migrantlarning huquqlarini himoya qilishga kelishib oldi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, Bosh prokuror o‘rinbosari Shohrux Aminov Moskva shahrida bo‘lib o‘tgan mehnat migratsiyasi va migrantlarning huquqlarini himoya qilish masalalari bo‘yicha O‘zbekiston–Rossiya idoralararo ishchi guruhining birinchi yig‘ilishida ishtirok etgan. Rossiya delegatsiyasidan esa Rossiya Bosh prokurorining o‘rinbosari Pyotr Gorodov rahbarligida Bosh prokuratura, Federal xavfsizlik xizmati, Tashqi ishlar, Ichki ishlar vazirliklari va boshqa idoralarning vakillari qatnashgan.

“Tomonlar migratsiya sohasidagi amaldagi holat, muammoli jihatlar va ularni hal etish yo‘llarini muhokama qildi. Yig‘ilish ishtirokchilari ikki davlat manfaatlarini hisobga olgan holda migratsiya sohasida qonuniylikni ta’minlashga qaratilgan hamkorlikdagi chora-tadbirlarni ishlab chiqishga kelishib oldi. Ikki davlat Bosh prokuraturalari O‘zbekiston fuqarolarining Rossiyaga mehnat faoliyatini amalga oshirish maqsadida kelishi hamda Rossiya fuqarolarining O‘zbekistonga kelishlari jarayonida ularning huquqlarga rioya etilishi ustidan nazorat va kuzatuvni kuchaytirish majburiyatini oldi”, deyilgan xabarda.

Tadbir yakunida delegatsiyalar rahbarlari mehnat migratsiyasi va migrantlar huquqlarini himoya qilish masalalari bo‘yicha O‘zbekiston–Rossiya idoralararo ishchi guruhining birinchi majlisida qabul qilingan qarorlar aks etgan bayonnomani imzolagan. Xabarda imzolangan bayonnoma ijrosi O‘zbekiston va Rossiya Bosh prokuraturalari tomonidan alohida nazoratga olinishi aytilgan. 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidovga xorijdagi o‘zbekistonliklar bo‘yicha parlament so‘rovi yuborilgani haqida xabar berilgandi. Mazkur so‘rov ortidan vazirlik matbuot kotibi Ahror Burhonov munosabat e’lon qilgan edi. Burhonovga ko‘ra, Tashqi ishlar vazirligi xorijdagi O‘zbekiston fuqarolarini, ular qayerda bo‘lishidan qat’i nazar, doimo himoya qilib kelgan va bu faoliyati ustuvor bo‘lib qoladi.


Maqola muallifi

Teglar

Bosh prokuratura O'zbekiston migrantlar Shohrux Aminov Pyotr Gorodov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing