O‘zbekiston va Rossiya Karimovaning mulklaridan tushgan pulni bo‘lib oladi

Jamiyat

Rossiya poytaxti Moskvadagi O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimovning qizi Gulnora Karimovaga tegishli bo‘lgan va sud qarori bilan musodara qilingan oltita kvartiraning sotilishidan tushgan mablag‘lar O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida teng bo‘linadi. Bu haqda bugun, 13 sentyabr kuni Adliya vaziri o‘rinbosari Muzrof Ikromov ma’lum qildi.

Fevral oyida O‘zbekiston Adliya vazirligi Moskva sudi Karimovaga vatanida chiqarilgan hukmni tan olgani, Rossiya tomoni bilan mamlakatda undan musodara qilingan mulkni sotish va tushgan mablag‘ni respublikaga qaytarish bo‘yicha ish boshlangani haqida xabar bergan edi.

“(Karimovaning – tahr.) Moskva shahrida joylashgan oltita xonadon musodara qilindi, olingan mablag‘lar, Moskva sudi qaroriga ko‘ra, teng ulushlarda bo‘lib, O‘zbekiston va Rossiya foydasiga sarflanadi”, deydi Ikromov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, “Rossiya sud ijrochilari bu jarayonlarni amalga oshiryapti”.

Avvalroq, Gulnora Karimova va uning jinoiy sheriklari Shveysariya, Fransiya, Belgiya, Buyuk Britaniya, Latviya va Rossiya kabi davlatlarda mulklarga ega bo‘lgani haqida xabar bergan edik.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 16 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi va Shveysariya Konfederatsiyasi o‘rtasida “Shveysariya Konfederatsiyasi hududida konfiskatsiya qilingan noqonuniy orttirilgan aktivlarni O‘zbekiston Respublikasi aholisining manfaatlarida qaytarish yo‘llari to‘g‘risida”gi bitim imzolandi.

Mazkur bitim noqonuniy orttirilgan taqriban 131 mln AQSH dollariga teng aktivlarni O‘zbekistonga qaytarishni, qaytarishning asosiy prinsiplari, mexanizm va maqsadlarini belgilaydi.

Xususan, mablag‘larni qaytarish Birlashgan millatlar Tashkilotining “Uzbekistan Vision 2030 Fondi” deb nomlangan ko‘p sheriklik trast jamg‘armasi orqali amalga oshiriladi.

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Gulnora Karimova Toshkent viloyati Zangiota tumanida joylashgan 21-sonli jazoni o‘tash koloniyasida saqlanmoqda. U koloniyaga 2019 yilning 14 mart kuni olib kelingan va 7-otryadning 2-sektoriga (umumiy rejimdagi) joylashtirilgan.

2020 yilning 18 mart kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudida Gulnora Karimova va u tomonidan tashkil etilgan jinoiy uyushma a’zolariga nisbatan jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha sud jarayoni nihoyasiga yetdi va sud hukmi e’lon qilindi. 

O‘tkazilgan yopiq sud majlisida sudlanuvchilar, guvohlar, jabrlanuvchilar ko‘rsatmalari tinglandi, dalillar tekshirildi va sudlanuvchilar himoyachilarining vajlari muhokama qilindi.

Sud jinoyat ishi materiallarini har tomonlama va to‘liq o‘rganib, sudlanuvchi Gulnora Karimovani jinoiy uyushma tashkil etish, tovlamachilik, o‘zlashtirish va rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish va boshqa jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topdi.

Sud hukmi bilan Gulnora Karimovaga 13 yil 4 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Jinoyat qonunchiligi normalariga muvofiq hamda bir necha jinoyat va hukmlar majmui bo‘yicha jazo tayinlanganligini inobatga olgan holda jazo muddatini 2015 yil 21 avgustdan boshlab hisoblash belgilandi.

Eslatib o‘tamiz, Gulnora Karimova joriy yilning 8 iyul kuni 50 yoshni qarshiladi. Uning o‘g‘li Islom Karimov Londonda istiqomat qilmoqda. U uylangan, bir nafar farzandi bor. Qizi Imon Karimova ham Londonda o‘qishni davom ettirmoqda va u ba’zan O‘zbekistonga kelib turadi. Imon Karimova buvisi Tatyana Akbarovna Karimova va xolasining qizi Maryam Tillyayeva bilan uzilib ketgan munosabatlarni tiklagan. 

Karimovlar oilasining kenja qizi Lola Karimova-Tillyayeva Islom Karimov vafotidan keyin O‘zbekistonni tark etgan.  U AQSHdan turib Islom Karimov nomidagi Respublika jamoat fondini yuritmoqda. Shuningdek, “The harmonist” attorlik mollari brendiga ham asos solgan. Birinchi Prezidentning bevasi Tatyana Karimova esa Toshkentda yolg‘iz istiqomat qilmoqda. U 26 avgust kuni 74 yoshni qarshilaydi. 


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

269

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing