O‘zbekiston va Ozarbayjon Prezidentlari rafiqalari bilan Buxoroni ziyorat qildi

Jamiyat

image

Bugun, 24 avgust kuni O‘zbekiston rahbari Shavkat Mirziyoyev va Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev rafiqalari hamrohligida Buxoroning jahonga mashhur tarixiy obidalari – Somoniylar maqbarasi, Ark qo‘rg‘oni, Poyi Kalon va Labi Hovuz majmualari, Ko‘kaldosh madrasasini ziyorat qildi. Bu haqda O‘zbekiston yetakchisining matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, oliy martabali mehmonlarga ushbu noyob obidalarning tarixi, me’moriy xususiyatlari hamda Sharqda ilm-fan, madaniyat va shaharsozlik rivojidagi ahamiyati haqida batafsil ma’lumot berilgan.

Tashrif Ismoil Somoniy tomonidan barpo etilgan Somoniylar maqbarasidan boshlangan. Ushbu obida 1993 yilda UNESCO’ning Umumjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan.

Shundan so‘ng yetakchilar ko‘p asrlar davomida Buxoroning siyosiy va ma’muriy markazi bo‘lib kelgan qadimiy Ark qal’asiga tashrif buyurgan. Arxeologik va tarixiy ma’lumotlarga ko‘ra, qal’a uzoq davr mobaynida shakllanib kelgan va yaqin o‘tmishdan boshlab Buxoro hukmdorlarining qarorgohi vazifasini bajargan. Bugungi kunda Ark shaharning eng mashhur obidalaridan biri va Buxoro tarixiy markazining muhim qismi hisoblanadi.

Poyi Kalon majmuasi – Markaziy Osiyoning eng salobatli me’moriy majmualaridan biri. 1127 yilda bunyod etilgan mashhur Kalon minorasi majmuaning eng e’tiborli inshooti bo‘lib, asrlar davomida nafaqat Buxoro me’morchiligi namunasi, balki shaharning haqiqiy “tashrif qog‘ozi” bo‘lib xizmat qilib kelmoqda.

Ansambl tarkibiga XVI asr boshlariga oid Kalon masjidi va Mir Arab madrasasi ham kiradi. Ushbu majmua haqli ravishda Shayboniylar davridagi tarixiy Buxoroning durdonalaridan biri hisoblanadi.

Oliy martabali mehmonlarda Labi Hovuz majmuasi ham katta taassurot qoldirdi. U qadimiy hovuz atrofida qurilgan va eski Buxorodagi eng mashhur jamoat maskanlaridan biri hisoblanadi.

Bu yerda Ko‘kaldosh madrasasi, Nodir Devonbegi madrasasi va xonaqohi joylashgan. Shaharning ushbu go‘shasi asrlar davomida aholi, sayyohlar va ilm ahlini o‘ziga jalb qiluvchi maskan bo‘lib kelgan hamda o‘rta asrlardagi Buxoroning betakror muhitini bugungi kungacha saqlab qolgan.

Tashrif davomida xalq hunarmandchiligi namunalari hamda tarixiy obidalarga tushirilgan badiiy bezaklarning xususiyatlari ham namoyish etilgan.

Ozarbayjonlik mehmonlarga Buxoroning Buyuk Ipak yo‘lidagi islom sivilizatsiyasining eng yirik ilm-fan, ta’lim va savdo markazlaridan biri sifatidagi ko‘p asrlik tarixi haqida so‘zlab berilgan.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing