O‘zbekiston va Xitoy Bosh vazirlari uchrashdi
Jamiyat
−
04 noyabr
2846Bugun, 4 noyabr kuni Bosh vazir Abdulla Aripov Shanxay shahrida xitoylik mavqedoshi Li Syan bilan uchrashdi. Bu haqda O‘zbekiston hukumati portalida xabar berildi.
Qayd etilishicha, joriy yilning 5-10 noyabr kunlari Xitoy Xalq Respublikasining Shanxay shahrida yettinchi Xitoy xalqaro import mahsulotlari ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tadi. Mazkur tadbirda faxriy mehmon maqomida ishtirok etish uchun O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov boshchiligidagi hukumat delegatsiyasi bugun, 4 noyabr kuni Shanxayga borgan.
Tashrif doirasida Xitoy Xalq Respublikasi Davlat kengashi Bosh vaziri Li Syan bilan uchrashuv o‘tkazilgan.
Dastlab, O‘zbekiston tomoni Prezident Shavkat Mirziyoyevning Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpinga yo‘llagan samimiy salomini yetkazgan. O‘z navbatida, Xitoy tomoni Si Szinpinning O‘zbekiston rahbariga ezgu tilaklarini yetkazib qo‘yishni so‘ragan.
Xitoy O‘zbekistonning ishonchli, vaqt sinovidan o‘tgan strategik hamkori ekani, ikki tomonlama aloqalar tobora mustahkamlanib borayotgani, munosabatlarning bugungi darajaga ko‘tarilishida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin o‘rtasidagi ishonchli, samimiy va do‘stona munosabatlar asosiy omil bo‘layotgani ta’kidlandi.
Uchrashuvda savdo-iqtisodiy hamkorlik rivojlanib borayotgani qayd etilgan.
Xususan, 2023 yilda savdo aylanmasi 14 mlrd dollarga yetgan. Davlatlar rahbarlari hukumatlar zimmasiga uning hajmini 20 mlrd dollarga yetkazish vazifasini qo‘ygan. Mazkur topshiriq ijrosini ta’minlashda barcha imkoniyatlar mavjudligi, buning uchun esa o‘zaro sa’y-harakatlarni birlashtirish lozimligi bildirilgan.
Uchrashuvda savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, moliyaviy, sanoat, infratuzilma, transport-logistika, “yashil” energetika, tog‘-kon sanoati, qishloq xo‘jaligi, to‘qimachilik, IT, ta’lim, turizm, hududlararo va madaniy-gumanitar hamkorlikni rivojlantirish masalalari yuzasidan ham atroflicha fikr almashilgan.
Shanxayga tashrif doirasida Shanxay shahri Partiya qo‘mitasi kotibi Chen Szinin hamda “Henan investment Group”, “China Datang Group”, “Shanxi Tianhai Group” singari Xitoyning yirik kompaniyalari rahbariyati bilan ham uchrashuvlar o‘tkazilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Abdulla Aripov boshchiligidagi delegatsiya Yevrosiyo Iqtisodiy Ittifoqi Hukumat rahbarlari Kengashining navbatdagi majlisida kuzatuvchi maqomida ishtirok etish uchun Armanistonning Yerevan shahriga tashrif buyurgan edi.
LiveBarchasi