O‘zbekiston delegatlari Netanyaxuning BMTdagi nutqini boykot qildi (video)
Olam
−
15:30 3937 2 daqiqa
Kecha, 24 sentyabr kuni Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 81-sessiyasida Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu nutq so‘zladi. Uning nutqi avvalida ko‘plab davlatlar, jumladan, O‘zbekiston va Qirg‘iziston delegatlari norozilik sifatida zalni tark etdi. Buni “Reuters” e’lon qilgan suratlardan ko‘rish mumkin.
Netanyaxu BMT Bosh Assambleyasida so‘nggi bir necha kun davomida minbardan Isroilning G‘azo sektoridagi harbiy harakatlarini qoralagan ko‘plab dunyo yetakchilaridan so‘ng so‘zga chiqqan. Netanyaxu zalda paydo bo‘lishi bilan bir vaqtning o‘zida ham qo‘llab-quvvatlash, ham norozilik hayqiriqlari yangragan, delegatlar esa ommaviy ravishda o‘z o‘rinlarini tark eta boshlagan. “Reuters” nashri e’lon qilgan suratda O‘zbekiston va Qirg‘iziston delegatlarining ham o‘rni bo‘sh qolganini ko‘rish mumkin.


Zalda qolganlar orasida Prezident Aleksandr Vuchich boshchiligidagi Serbiya delegatsiyasi ham bor. Shuningdek, Qozog‘iston va Ozarbayjon vakillari ham zalni tark etmagan.
Isroil Bosh vaziri zaldan chiqib ketganlarni “axloqiy qo‘rqoqlar” deb atagan va Isroilning G‘azo sektorida genotsid olib borayotgani haqidagi ayblovlarni “asrning eng katta yolg‘oni” deb atagan. U, shuningdek, AQSHning Eronga qarshi urushiga qo‘shilish o‘zi qabul qilishiga to‘g‘ri kelgan “eng yengil qarorlardan biri” bo‘lganini qo‘shimcha qilgan.
“Associated Press”ning qayd etishicha, Falastin milliy ma’muriyati rahbari Mahmud Abbos ham shu kunda BMTda nutq so‘zlagan, ammo videoaloqa orqali – AQSH ketma-ket ikkinchi yil unga Bosh Assambleyada ishtirok etish uchun viza berishni rad etdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Birlashgan Millatlar Tashkilotining 81-Bosh Assambleyasida G‘azo bugun nafaqat dunyodagi eng katta qabriston, balki dunyoda amputatsiya ko‘rsatkichi eng yuqori bo‘lgan mintaqa hisoblanishini, shuningdek, G‘azo – hozirgi davrning eng insoniylikka zid, eng uyatli qirg‘ini ekanini aytgan edi.
Bundan tashqari, Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron Nyu-Yorkdagi BMT Bosh Assambleyasidagi chiqishi chog‘ida Falastindagi vaziyat haqida gapirayotib, minbarga mushtini urgandi. U AQSH Prezidenti Donald Trampning tinchlik rejasi muvaffaqiyati haqidagi bayonotlarini shubha ostiga qo‘yib, e’lon qilingan tinchlikka qaramay, G‘azo sektorida shu kungacha birorta ham gumanitar koridor ochilmaganini aytgan. Fransiya yetakchisi dunyo “hamma uyatda qolishi kerak bo‘lgan” vaziyatni kuzatayotganini aytgan hamda Trampni G‘azo bo‘yicha o‘z rejasini diplomatik zafar sifatida taqdim etgani uchun tanqid qilgan.
Live
Barchasi