O‘zbekiston va Gruziya Prezidentlari muzokara o‘tkazdi
Jamiyat
−
21:18 500 2 daqiqa
Bugun, 2 iyul kuni Gruziyaga davlat tashrifi doirasida Tbilisi shahridagi Orbeliani saroyida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Gruziya Prezidenti Mixail Kavelashvilining muzokaralari bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zbekiston yetakchisining matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, O‘zbekiston – Gruziya ko‘p qirrali munosabatlarini yanada kengaytirish masalalari ko‘rib chiqilgan.
Davlat rahbari Gruziya Prezidentiga samimiy mehmondo‘stlik uchun minnatdorlik bildirib, ushbu mamlakatga davlat tashrifi so‘nggi 23 yilda ilk bor amalga oshirilayotganini alohida ta’kidlagan.
Parlamentlar, hukumatlar va ishbilarmon doiralar o‘rtasidagi aloqalar faollashgani mamnuniyat bilan qayd etilgan.
O‘tgan yil yakunlariga ko‘ra, tovar ayirboshlash hajmi 270 million dollarga yetgan, qo‘shma loyiha va korxonalar soni ortib bormoqda. O‘zbekistonda Gruziyaning birinchi raqamli banki – “TBC” muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda. Toshkent bilan Tbilisi va Batumi shaharlari o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlar amalga oshirilmoqda. Joriy yilning mart oyida O‘zbekiston poytaxtida Gruziya madaniyati kunlari muvaffaqiyatli o‘tkazilgan.
O‘zaro savdo hajmini, jumladan, Poti va Batumi portlari salohiyatidan samarali foydalanish orqali yanada oshirish masalalariga ustuvor e’tibor qaratilgan.
Farmatsevtika, kimyo sanoati, qishloq xo‘jaligi, transport, energetika, raqamli texnologiyalar va turizm sohalarida kooperatsiyani rivojlantirish uchun imkoniyatlar mavjudligi ko‘rsatib o‘tilgan.
Ishbilarmonlik, turistik va gumanitar almashinuvlarni yo‘lga qo‘yish uchun hududlar o‘rtasidagi aloqalarni kengaytirish muhimligi ta’kidlangan.
Uchrashuv yakunida Shavkat Mirziyoyev Mixail Kavelashvilini O‘zbekistonga tashrif bilan kelishga taklif etgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Tbilisi shahrida Gruziya Prezidentining qarorgohi – Orbeliani saroyida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevni rasmiy kutib olishga bag‘ishlangan tantanali marosim bo‘lib o‘tgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi