O‘zbekiston va Germaniya birinchi xonimlari xalqaro inklyuziv xabga bordi
Jamiyat
−
10:50 visibility1226
timer1 daqiqa
Germaniya Federal Prezidenti Frank-Valter Shtaynmayerning O‘zbekistonga rasmiy tashrifi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Birinchi xonimi Ziroat Mirziyoyeva va Germaniya Birinchi xonimi Elke Byudenbenderning uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Mirziyoyeva o‘zining Telegram-kanalida yozib qoldirdi.
Samimiy suhbatdan so‘ng davlat rahbarlarining rafiqalari Ijtimoiy himoya milliy agentligi huzuridagi xalqaro inklyuziv xabga tashrif buyurgan.
Oliy martabali mehmonga xabning inklyuziv kasbiy ta’limni rivojlantirish, zamonaviy ta’lim texnologiyalarini joriy etish, shuningdek, yoshlarni, jumladan, nogironligi bo‘lgan shaxslarni talab yuqori bo‘lgan ko‘nikma va kasblarni egallashda qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan faoliyati taqdim etilgan.
Tashrif davomida birinchi xonimlar xabning o‘quv ustaxonalari va loyihalari bilan tanishib, tahsil olayotgan o‘quvchilar bilan muloqot qilgan.
Elke Byudenbender O‘zbekistonda inklyuziv jamiyatni shakllantirish, kasbiy ta’limni rivojlantirish va yoshlar uchun imkoniyatlarni kengaytirish borasida olib borilayotgan amaliy ishlarni yuqori baholadi.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 17 iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Germaniya Federal Prezidenti Frank-Valter Shtaynmayer o‘tkazilgan muzokaralar yakunlari bo‘yicha qo‘shma bayonot qabul qilib, ko‘p qirrali hamkorlikni yanada mustahkamlashga intilishlarini tasdiqlagandi.