O‘zbekiston va FAO 17 mln dollarlik dasturni imzoladi

Jamiyat

image

Qishloq xo‘jaligi vaziri Jamshid Xo‘jayev BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO)ning Yevropa bo‘yicha mintaqaviy konferensiyasi (YeMK) raisi sifatida FAO rahbarining o‘rinbosari Vladimir Raxmanin va Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy koordinatori, FAOning O‘zbekistondagi vakili Viorel Gutsu bilan uchrashdi. 

Uchrashuvda FAO va O‘zbekiston o‘rtasida 17 mln AQSH dollari miqdoridagi byudjetli 2021-2025 yillarga mo‘ljallangan Mamlakat hadli dasturi imzolandi. Shuningdek, jami 645 ming AQSH dollarilik 4 ta grant loyihasi tasdiqlandi.

Ta’kidlanishicha, imzolangan Mamlakat hadli dasturi (MHD) oziq-ovqat tizimini isloh qilish bilan bog‘liq milliy strategik ustuvorliklarga erishishda O‘zbekiston hukumatiga ko‘mak ko‘rsatishga yo‘naltirilgan.

O‘zbekistonning qishloq xo‘jaligi sohasini rivojlantirishga qaratilgan quyidagi 4 ta grant loyihalar 2021-2023 yillar mobaynida amalga oshiriladi:

“Barqaror oziq-ovqat tizimlarini geografik ko‘rsatkichlar yordamida mustahkamlash” loyihasi (2021 yil fevral - 2022 yil dekabr, byudjet - 250 000 AQSH dollari) geografik ko‘rsatkichlar orqali mamlakatimizning qishloq hududlarini rivojlantirishga imkon tug‘diradi (mahsulot nomlarini joy nomlari bilan bog‘lash nazarda tutilmoqda.

"O‘zbekistonda COVID-19 ga qarshi kartoshka sohasini tiklash va rivojlantirish" loyihasi (2021 yil fevral - 2023 yil yanvar, byudjet – 195 000 AQSH dollari) kartoshka ishlab chiqarish sohasini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish orqali O‘zbekistonning milliy oziq-ovqat xavfsizligini yaxshilashga qaratilgan.

"Sholi ekinlarini ishlab chiqarish va ishlab chiqarishni qo‘llab-quvvatlash" loyihasining (2021 yil fevral - 2022 yil sentyabr, byudjet – 100 000 AQSH dollari)asosiy maqsadi oziq-ovqat xavfsizligini oshirish va mamlakatda sholichilik bilan shug‘ullanayotgan fermerlarning yashash sharoitlarini yaxshilashdan iborat.

“Inklyuziv qishloq xo‘jaligi siyosatini amalga oshirishni qo‘llab-quvvatlash" loyihasidan (2021 yil fevral - 2022 yil avgust, byudjet - 100000 AQSH dollari) ko‘zlangan maqsad  qishloq xo‘jaligi sohasida inklyuziv siyosat yuritish natijasida qishloq joylarda yashash sharoitlarini yaxshilash, shuningdek qishloq hududlarni rivojlantirish hamda qishloq ayollarining huquq va imkoniyatlarini kengaytirishdir.

Ma’lumot uchun, FAO - Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi sohasidagi tashkiloti bo‘lib, O‘zbekiston 2001 yilda mazkur tashkilotga a’zo bo‘lgan.


Maqola muallifi

Teglar

qishloq xo'jaligi

Baholaganlar

19

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing