O‘zbekiston va Eron imtiyozli savdoni yo‘lga qo‘ymoqchi
Jamiyat
−
24 dekabr 2021
3916O‘zbekiston va Eron imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitim bo‘yicha muzokaralarni jadallashtirmoqchi. Bu haqda joriy yilning 22 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqovning Eron Islom Respublikasining iqtisodiy masalalar bo‘yicha vitse-prezidenti Muhsin Rezaiy bilan videokonferensiya shaklida o‘tkazgan muzokaralari chog‘ida aytib o‘tildi.
Qayd etilishicha, muzokarada investitsiyaviy hamkorlik sohasiga e’tibor qaratilib, qurilish materiallari ishlab chiqarish, qurilish, qishloq xo‘jaligi, baliqchilik, farmatsevtika, elektrotexnika, kimyo va yengil sanoat sohalarida yangi loyihalarni amalga oshirish uchun keng imkoniyatlar yaratilgani ta’kidlangan. Yangi istiqbolli loyihalarni ishlab chiqish va ularni amalga oshirish bo‘yicha hamkorlarni izlab topish yuzasidan kelishuvga erishilgan.
“O‘zaro savdo sohasiga alohida e’tibor qaratildi. O‘zbekiston-Eron savdo aylanmasining ijobiy dinamikasi, jumladan, joriy yilning yanvar-noyabr oylarida o‘zaro savdo hajmi 74,4 foizga oshgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Tomonlar O‘zbekiston va Eron o‘rtasida Imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitim loyihasi ustida olib borilayotgan ishlarni kuchaytirishga kelishib oldilar”, deyiladi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi xabarida.
Shuningdek, transport va logistika sohasidagi hamkorlikni kengaytirish istiqbollariga ham to‘xtalib o‘tilgan.
Yaqin kelajakda qator ikki tomonlama tadbirlar, jumladan, Savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiyaning 14-yig‘ilishi, shuningdek, ikki mamlakat ishbilarmon doiralari vakillari ishtirokida biznes-forum tashkil etish masalalari muhokama qilindi”, deyiladi xabarda.
Muzokaralar yakunida O‘zbekiston bilan Eron o‘rtasida investitsiyalar, sanoat, savdo va transport sohalarida hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqish va tasdiqlashga kelishilgan.
LiveBarchasi