O‘zbekiston va BMT Pokistonga insonparvarlik yordami jo‘natdi
Olam
−
29 Sentabr 2022
4292Bugun, 29 sentyabr kuni ertalab O‘zbekiston hukumati va BMT Qochqinlar bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasi tomonidan Pokistonda sodir bo‘lgan halokatli suv toshqinidan jabrlanganlarga taqdim etilgan insonparvarlik yordami yuklangan samolyot Termizdan Karachiga uchib ketdi. Bu haqda Surxondaryo viloyati hokimligi xabar berdi.
Ushbu birinchi qo‘shma insonparvarlik yordamini O‘zbekiston Mudofaa vazirligi tomonidan taqdim etilgan samolyotlarda yetkazib berish tashkil qilingan.
Insonparvarlik ko‘magi tarkibi suv toshqinlari oqibatida o‘z boshpanalaridan ayrilganlar uchun 15 tonnadan ortiq hajmdagi vaqtincha yashash uchun mo‘ljallangan turar-joy modullaridan iborat.
So‘nggi ma’lumotlarga qaraganda, suv toshqinlari natijasida Pokistonning 7,6 millionga yaqin aholisi o‘zi istiqomat qiladigan hududlardan ko‘chirilgan, shundan deyarli 600 ming nafari ijtimoiy ko‘mak beriladigan boshpanalarda yashayapti. Mamlakat rasmiylari eng ko‘p talofat ko‘rgan tumanlarda toshqin suvlarining chekinishi olti oygacha davom etishi mumkinligidan ogohlantirishmoqda.
Eslatib o‘tamiz, 1 sentyabr kuni Islomobod xalqaro aeroportiga O‘zbekiston harbiy-havo kuchlarining Il-76 samolyoti kelib qo‘ngandi. Unga O‘zbekiston tomonidan taqdim etilgan Pokiston mintaqalarida ro‘y bergan suv toshqinidan jabrlanganlar uchun yo‘llangan 40 tonnadan ortiq hajmdagi insonparvarlik yordami yuklangan edi.
LiveBarchasi