O‘zbekiston va AQSH o‘rtasida muhim foydali qazilmalar bo‘yicha memorandum imzolandi

Jamiyat

image

Bugun, 5 fevral kuni O‘zbekiston va AQSH hukumatlari o‘rtasida muhim foydali qazilmalar va nodir yer elementlari bo‘yicha memorandum imzolandi. Bu haqda O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov o‘zining Telegram-kanalida ma’lum qildi.

“AQSH Davlat kotibining birinchi o‘rinbosari Kristofer Landau janoblari bilan birgalikda O‘zbekiston Respublikasi hukumati va Amerika Qo‘shma Shtatlari hukumati o‘rtasida muhim foydali qazilmalar va nodir yer elementlarini qazib olish hamda qayta ishlash sohasida ta’minot barqarorligi to‘g‘risida anglashuv memorandumini imzoladik”, deydi Saidov.

Uning bildirishicha, o‘ta muhim minerallar nafaqat iqtisodiy imkoniyat, balki mas’uliyatli hamkorlik va uzoq muddatli barqaror rivojlanish uchun muhim yo‘nalish sifatida ko‘riladi.

Qayd etish joiz, ushbu memorandum AQSH poytaxti Vashingtonda o‘tgan o‘ta muhim minerallar bo‘yicha Vazirlar yig‘ilishida doirasida imzolandi. Mazkur yig‘ilishda Baxtiyor Saidov ham ishtirok etgan.

“Dolzarb masalalarga bag‘ishlangan o‘ta muhim minerallar bo‘yicha Vazirlar yig‘ilishida ishtirok etdik. Mazkur platforma barqaror va xavfsiz o‘ta muhim minerallar ta’minot zanjirlarining kelajagini muhokama qilish uchun hamkorlarni bir joyga jamladi”, deydi Saidov.

Uning bildirishicha, O‘zbekiston ushbu sohada salmoqli salohiyatga ega bo‘lib, o‘z sanoatini xalqaro eng yuqori standartlar — shaffoflik, ekologik mas’uliyat va qo‘shimcha qiymat yaratishga yo‘naltirilgan ishlab chiqarish tamoyillari asosida rivojlantirishga qat’iy intiladi.

“Xalqaro sheriklar bilan hamkorlikni yanada chuqurlashtirish, ilg‘or texnologiyalar va investitsiyalarni jalb etish, shuningdek, ta’minot zanjirlarining barqarorligini mustahkamlash va toza energetikaga o‘tishni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan global sa’y-harakatlarga hissa qo‘shishga tayyor ekanimizni yana bir bor tasdiqlaymiz”, deydi Saidov.


Maqola muallifi

Teglar

Baxtiyor Saidov muhim foydali qazilmalar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing