O‘zbekiston va Turkmaniston Milliy olimpiya qo‘mitalari o‘zaro hamkorlik qilishadi
Jamiyat
−
13 may 2019
2532O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi mamlakatda olimpiya harakatini rivojlantirish, Olimpizm g‘oyalarini keng targ‘ib qilish, jismoniy tarbiya va sportni ommaviylashtirish yo‘lida qator mamlakatlar olimpiya qo‘mitalari, shuningdek nufuzli Xalqaro sport federatsiyalari va tashkilotlari bilan mustahkam aloqalar o‘rnatib kelmoqda.
Bugun Toshkentdagi “Miran International Hotel Tashkent” mehmonxonasida O‘zbekiston va Turkmaniston Milliy olimpiya qo‘mitalari o‘rtasida o‘zaro hamkorlik to‘g‘risidagi memorandum imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda MOQ Matbuot xizmati xabar qilmoqda.
Ma’lumki, Turkmaniston 2017 yili Jang san’ati va va yopiq inshootlardagi V Osiyo o‘yinlariga mezbonlik qilgan. Ushbu mamlakat yirik kompleks sport musobaqasini o‘tkazish borasida boy tajribaga ega. Qolaversa, mamlakat poytaxti Ashxobod shahrida mazkur yirik kompleks musobaqa munosabati bilan muhtasham Olimpiya shaharchasi va xalqaro standartlarga javob beruvchi ko‘plab sport inshootlari qad roslagan.
O‘zbekiston esa 2028 yili yozgi “Osiyo bolalari” o‘yinlari va 2030 yilgi Osiyo o‘yinlarini qabul qilish uchun harakat qilmoqda. Shunday ekan, bu borada Turkmaniston Milliy olimpiya qo‘mitasining tajribasi o‘zaro hamkorlikda as qotadigan muhim jihatlardandir.
Mazkur memorandum O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi prezidenti Umid Ahmadjonov va Turkmaniston MOQ Bosh kotibi Azat Muratov tomonidan imzolandi.
Memorandumga asosan, tomonlar o‘rtasida do‘stona va hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish, ko‘pgina sport turlari bo‘yicha ikki mamlakat terma jamoalari o‘rtasida qo‘shma o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarini o‘tkazish, o‘zaro tajriba almashish, murabbiylar malakasini oshirish, o‘rtoqlik uchrashuvlarini tashkil etish ko‘zda tutilgan.