O‘zbekiston turkiy davlatlar bilan turizmni rivojlantiradi
Jamiyat
−
03 avgust 2022
5282O‘zbekiston turkiy davlatlar bilan sayohlikni rivojlantirish uchun “Tabarruk ziyorat” turizm konsepsiyasini amalga oshiradi. Bu haqda O‘zbekiston Prezidentining joriy yilning 29 iyul kuni qabul qilingan “Turkiy davlatlar bilan turizm sohasidagi hamkorlikni jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan.
Hujjat bilan “Tabarruk ziyorat” turizm konsepsiyasi tasdiqlandi. U quyidagilarni nazarda tutadi:
• Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo mamlakatlar bilan turizm sohasidagi aloqalarni yanada mustahkamlash;
• ziyorat va madaniy meros ob’ektlariga turlarni tashkil qilish va yangi sayohat marshrutlarini ishlab chiqish;
• ziyorat va madaniy-tarixiy turizm doirasida muntazam targ‘ibot tadbirlarini tashkil etib borish;
• Toshkent, Samarqand, Buxoro, Xiva, Shahrisabz, Marg‘ilon, Qo‘qon, Termiz va boshqa tarixiy shaharlarda buyuk allomalarning ilmiy va madaniy merosi to‘g‘risida seminar, simpozium, konferensiya, ilmiy-amaliy anjumanlar o‘tkazish hamda ilmiy-ommabop nashrlarda materiallar e’lon qilish orqali sayyohlarni jalb etish;
• Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo davlatlar bilan hamkorlikda ilmiy-tahliliy materiallar, badiiy, teatr va kino asarlari, videoroliklar, kitoblar, tarqatma materiallar va boshqa ko‘rinishdagi targ‘ibot materiallarini tayyorlash;
• Turkiy davlatlar tashkiloti doirasida o‘zaro hamkorlik orqali “Tabarruk ziyorat” brendini yaratish va targ‘ib qilish.
2023 yildan boshlab, har ikki yilda bir marotaba:
• may oyining uchinchi dekadasida Marg‘ilon shahrida “Marg‘ilon ipak matolarining xalqaro bozordagi ahamiyati” mavzusida ko‘rgazma va ilmiy-konferensiya;
• iyul oyida oliy ta’lim muassasalari talabalari va yoshlar uchun Xalqaro “Turksoy” tashkiloti bilan hamkorlikda “Turkiy tilli yoshlar” xalqaro festivali;
• avgust oyining uchinchi haftasida turkiy davlatlarning tadbirkorlik sub’ektlari, ommaviy axborot vositalari vakillari, jurnalist va blogerlar uchun “Tabarruk ziyorat” xalqaro mediaturi va uning doirasida “B2B” formatida uchrashuvlar tashkil etiladi.
Turizm va madaniy meros vazirligiga 2022 yil 1 oktyabrga qadar Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo davlatlar tillarida yuritiluvchi “Tabarruk ziyorat” turizm platformasini tashkil qilish topshirildi.
Qo‘qon universiteti huzurida Turizm fakulteti va Mehmonxona amaliyoti markazi, Akademik xostel, Akademik turizm markazi, Universitet va aholi uchun ochiq kutubxona va nashriyot tashkil etiladi hamda u turizm masalalari bo‘yicha zamonaviy o‘quv adabiyotlari va kutubxona fondi bilan ta’minlanadi.
2022 yil 1 noyabrga qadar Madaniy meros agentligi huzurida davlat muassasasi shaklida “Qo‘qon” art-rezidensiyasi, shuningdek “Golden Valley Marathon” xalqaro marafoni tashkil etiladi.
Qaror bilan quyidagilar tasdiqlandi:
• Turkiy dunyo doirasida “Tabarruk ziyorat” turizm konsepsiyasini amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi;
• Qo‘qon shahrining "Turkiy dunyoning turizm poytaxti" maqomini olganligi munosabati bilan 2022-2023 yillarda amalga oshiriladigan madaniy-ma’rifiy tadbirlar dasturi;
• Qo‘qon shahrida joylashgan restavratsiya qilinadigan va mukammal ta’mirlanadigan moddiy madaniy meros ob’ektlari ro‘yxati;
• 2022 yilda Qo‘qon shahrining infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar dasturi.
LiveBarchasi