O‘zbekiston tuhfasi: Turkistonda 5 ming kishilik ulkan masjid qurilmoqda
Olam
−
02 iyun 2020
8468Turkistonda 5 mingdan ortiq kishiga mo‘ljallangan ulkan masjid qurilmoqda. O‘tgan yili tamal toshi qo‘yilgan masjid qo‘shni O‘zbekistonning Turkistonga tortiq qilgan tuhfasidir, deb xabar berdi Kazinform.
Viloyat hokimi O‘mirzaq Sho‘keyev shaharga kiraverishda qad ko‘tarayotgan masjid qurilish ishlari bilan tanishdi. Dunyoning eng yaxshi tajribalarini o‘zida mujassam etgan me’morchilik obidasining ichki va tashqi ko‘rinishi sharqona uslubda bezatiladi.
Noyob loyiha O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan qo‘llab-quvvatlanmoqda. Turkiy dunyoning ma’naviy markazi, muqaddas Turkiston shahrida barpo etilayotgan masjidning umumiy maydoni 5 ming kvadrat metrni tashkil qiladi. Masjidning tashqarisida 3 ming kishi namoz o‘qishi mumkin.
Arxitektura majmuasida musulmon marosimlari o‘tkaziladigan joylar, kongress zali, to‘y saroyi, 180 o‘rinli madrasa, kutubxona, oshxona, sport maydonchasi, 500 mashinaga mo‘ljallangan avtopark va ajoyib favvora bo‘ladi.
Ta’kidlash joizki, Turkiston viloyati markazida bir nechta ob’ektlarning qurilishi yakunlanmoqda. Ularning aksariyatida ichki bezatish, kommunal tarmoqlarni o‘rnatish va tashqi obodonlashtirish ishlari bajarilmoqda. Qurilish ishlari ikki smenada olib borilmoqda.