O‘zbekiston “Tolibon” elchisini rasman tan oldimi?

Jamiyat

image

Afg‘oniston muvaqqat hukumati O‘zbekiston Birlashgan Arab Amirliklari va Qozog‘istondan keyin “Tolibon”ning elchisini rasman tan olgan uchinchi davlat bo‘lganini ma’lum qildi. Bu haqda “Tolonews” yozmoqda. O‘zbekiston Bosh vaziri matbuot kotibi Behzod Hidoyatov buni QALAMPIR.UZ’ga tasdiqladi.

“Tolibon” muvaqqat hukumatidagi tashqi ishlar vazirligining uchinchi siyosiy departamenti direktori Zokir Jaloliyning aytishicha, Abdulg‘ofar Tiraviy Afg‘onistonning O‘zbekistondagi rasmiy elchisi sifatida tanishtirilgan. 

Shuningdek, nashrning yozishicha, O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov o‘zining Qobulga tashrifi davomida Afg‘oniston elchisi tasdiqlangani va uning Toshkentga kelishi borasida “ijobiy qaror” qabul qilinganini ma’lum qilgan.

Jaloliyning qo‘shimcha qilishicha, bu borada ikkala tomon ham kelishib olgan va yangi tayinlangan elchi tez orada Toshkentda o‘z vazifasini boshlashi kutilmoqda.

“Ular foyda olish uchun yaqinlashadi va zararni oldini olish uchun ham yaqinlashadi. Afg‘oniston bilan aloqa o‘rnatishga uringan bu davlatlarning o‘z manfaatlari bor, Afg‘onistonning ham o‘z manfaatlari bor”, degan afg‘onistonlik siyosatshunos Abdul Shukor Dadras.

Boshqa bir siyosiy tahlilchi Baqer Sairning “Tolonews”ga bildirishicha, bu “Tolibon”ning qonuniylashayotganini bildiradi. 

“Hozirgi muvaqqat hukumat mamlakatlar nafaqat ularni amalda tan olishi yoki siyosiy vakillarini qabul qilishini ta’minlashga, balki rasmiy qonuniylikka erishishimiz uchun ichki vaziyat va xalqaro muhitni yaratishga harakat qilmoqda”, deydi siyosiy tahlilchi.

Siyosatshunos Muhammad Aslam Danishmal esa Afg‘oniston mavjud vaziyat va izolyatsiyadan chiqib, o‘zini dunyoga sharafli va obro‘li davlat sifatida ko‘rsatish va olg‘a intilish uchun shu tarzda davom etishi kerakligini bildirmoqda.

Ammo QALAMPIR.UZ’ning O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligidagi manbasiga ko‘ra, elchining rasman tan olinishi borasida yakuniy qaror hali qabul qilmagan va bu aniq bo‘lgandagina Tashqi ishlar vazirligi rasmiy xabar e’lon qiladi.

Hulkar Murtazoyeva


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Afg'oniston O'zbekiston Tolibon

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing