O‘zbekiston va “Tolibon” Amudaryoning suvidan foydalanish bo‘yicha muhim kelishuvga erishdi
Jamiyat
−
01 may 10312 2 daqiqa
Kecha, 30 aprel kuni Qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Jamshid Abduzuxurov boshchiligidagi rasmiy delegatsiyaning Afg‘onistonga amalga oshirgan xizmat safari davomida ikki davlat o‘rtasidagi qishloq xo‘jaligi, suv resurslari boshqaruvi va savdo-iqtisodiy aloqalar bo‘yicha muhim strategik kelishuvlarga erishildi. Bu haqda Qishloq xo‘jaligi vazirligi xabar berdi.
Balx viloyati hokimi Hoji Muhammad Yusuf Vafo bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ikki tomonlama savdo, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining eksport-import tartiblarini soddalashtirish, o‘simliklar karantini, suv resurslaridan barqaror foydalanish va ularni birgalikda boshqarish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, delegatsiya “Tolibon” muvaqqat hukumatining qishloq xo‘jaligi hamda suv va energetika vazirliklari bilan ham amaliy muloqotlar o‘tkazgan va unda Amudaryo suv havzasini birgalikda boshqarish hamda suvdan adolatli va oqilona foydalanish bo‘yicha muhim bitim imzolangan.
“Bu hujjat nafaqat ikki tomonlama hamkorlikni, balki Markaziy Osiyodagi ekologik barqarorlik va transchegaraviy suv resurslari bo‘yicha kelajakdagi o‘zaro mas’uliyatli yondashuvlarni belgilab beradi. Aytish mumkinki, mazkur tashrif Afg‘oniston bilan yaxshi qo‘shnichilik, iqtisodiy integratsiya va suv diplomatiyasi yo‘nalishidagi yangi davrni boshlab berdi. Ayni vaqtda, bu O‘zbekistonning mintaqaviy tinchlik, barqaror taraqqiyot va ekologik xavfsizlik yo‘lidagi qat’iy siyosatini amalda namoyon etuvchi navbatdagi muhim qadamidir.
Qolaversa, muhokama qilingan har bir yo‘nalish – qishloq xo‘jaligi, eksport-import, karantin choralaridan tortib suvdan foydalanishgacha – ikki davlat manfaatlariga xizmat qilish bilan birga, butun Markaziy Osiyo mintaqasining iqtisodiy barqarorligi va ekologik xavfsizligiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi kutilmoqda”, deya qayd etgan vazirlik.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 1 mart kuni Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov Surxondaryo viloyatidagi “Termiz” xalqaro savdo markaziga tashrif buyurgan Afg‘onistondagi muvaqqat hukumatning savdo vaziri Nuriddin Aziziy boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv o‘tkazgandi.
Live
Barchasi