Kurs UZS

USD

12 938.11

18.11

EUR

14 076.66

-25.52

RUB

149.99

0.47

O‘zbekiston “Tolibon” bilan “Hayraton-Hirot” temiryo‘li bo‘yicha kelishuvga erishdi

Jamiyat

image

Kecha, 23 fevral kuni “Tolibon” muvaqqat hukumati O‘zbekiston bilan “Hayraton-Hirot” temiryo‘li loyihasi bo‘yicha kelishuvga erishdi. Bu haqda muvaqqat hukumat bosh vaziri o‘rinbosari Mullo Abdulg‘ani Barodar afg‘on jurnalistlari bilan uchrashuvda ma’lum qildi.

Xabarga ko‘ra, O‘zbekistonga ikki kunlik tashrifdan so‘ng, Abdulg‘ani Barodar jurnalistlar bilan muloqot o‘tkazgan. U uchrashuv davomida qurilishni texnik-iqtisodiy asoslash yakunlanganidan keyin 10 kun ichida boshlash rejalashtirilayotganini aytgan. 

Qayd etilishicha, loyiha temiryo‘lni O‘zbekiston bilan chegaradosh bo‘lgan Hayratondan Mozori Sharif orqali Afg‘oniston g‘arbidagi Hirotgacha uzaytirishni ko‘zda tutadi.

Nashrga ko‘ra, 2010 yilda loyihaning birinchi bosqichida Osiyo taraqqiyot banki moliyaviy ko‘magida Hayraton va Mozori Sharifni bog‘lovchi 75 kilometrlik temiryo‘l liniyasi qurib bitkazilgan. 

“Ushbu segment Afg‘oniston va Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi savdoni osonlashtirishda muhim rol o‘ynadi”, deyiladi xabarda. 

Qo‘shimcha qilinishicha, taklif etilayotgan kengaytma Mozori Sharifni bir qancha viloyatlardan o‘tib, Hirot bilan bog‘lashga qaratilgan. 

“Ushbu kengayish orqali mintaqaviy savdo-iqtisodiy integratsiyani kuchaytirishi kutilmoqda. 2018 yilda O‘zbekiston mintaqaviy aloqalarni kengaytirish salohiyatini e’tirof etgan holda, 657 kilometrlik ushbu kengaytmani qisman moliyalashtirish majburiyatini bildirdi”, deyiladi xabarda. 

Eslatib o‘tamiz, Afg‘onistondagi “Tolibon” muvaqqat hukumatining bosh vazir o‘rinbosari Mullo Abdulg‘ani Barodar rahbarligidagi delegatsiya kecha, 22 fevral kuni Qobuldan Toshkentga yo‘l olgandi. Ularni Toshkent xalqaro aeroportida Bosh vaziri o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev, O‘zbekiston Prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Ismatulla Ergashev va O‘zbekistondagi “Tolibon” elchisi Shayx Abdug‘affor Bahr kutib olgandi. Toshkentda O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov “Tolibon” bosh vazirining o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi Mulla Abdulg‘ani Barodar bilan uchrashib, o‘zaro manfaatli aloqalarni yanada kengaytirish, savdo-iqtisodiy, energetika, transport va boshqa sohalarda hamkorlikni izchil rivojlantirish masalalari yuzasidan atroflicha fikr almashgandi. Shuningdek, Barodar Afg‘oniston tomonidan O‘zbekistonga nisbatan hech qanday tahdid qilinmasligini aytdi.  


Maqola muallifi

Teglar

“Tolibon” Mozori Sharif “Hayraton-Hirot” temiryo'li Abdulg'ani Barodar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing