O‘zbekiston TIV Yaqin Sharqdagi vaziyatga xavotir bildirdi
Jamiyat
−
03 Oktabr
4404O‘zbekiston Respublikasi Yaqin Sharqdagi vaziyat shiddat bilan keskinlashayotganidan chuqur xavotirdaligini bildiradi. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligi saytida bayonot e’lon qilindi.
Bayonotda qayd etilishicha, tanglik darajasining yanada ortishi keng mintaqada xavfsizlikka nisbatan bo‘lgan xatar va tahdidlarning misli ko‘rilmagan darajada kuchayishiga va butun xalqaro hamjamiyat uchun oldindan aytib bo‘lmaydigan oqibatlarga olib kelishi mumkin.
“Biz qarama-qarshi tomonlarni vazminlikka va keskinlikning yanada kuchayishiga olib kelishi mumkin bo‘lgan harakatlardan tiyilishga chaqiramiz”, deyiladi Tashqi ishlar vazirligi munosabatida.
Bildirilishicha, O‘zbekiston tomoni mojaroni xalqaro normalar va Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashining qarorlariga muvofiq tinch yo‘l bilan hal etish uchun shoshilinch choralar ko‘rish zarurligini yana bir bor ta’kidlaydi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Ahror Burhonov Birlashgan Arab Amirliklarining Xartumdagi elchisi qarorgohiga Sudan armiyasi tomonidan hujum uyushtirilganiga munosabat bildirib, bunday hujumni qabul qilib bo‘lmas holat deb atagan edi. Bundan tashqari, Ahror Burhonov Yaqin Sharq mintaqasida vaziyat keskinlashayotganini va O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi vaziyatni doimiy ravishda kuzatib borayotganini ma’lum qilgan edi.
LiveBarchasi