O‘zbekiston tashqi qarzi YAIMning 50 foizigacha ko‘paytiriladi (video)

Jamiyat

Boshqarish ilgariga nisbatan murakkablashyapti  – Sodiq Safoyev north_east

Boshqarish ilgariga nisbatan murakkablashyapti – Sodiq Safoyev

Kecha, 30 noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senatining yigirma to‘rtinchi yalpi majlisida Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi a’zosi Abduqodir Toshqulov vazirliklar va idoralar olingan tashqi qarzlarni qay darajada samarali, maqsadli ishlatayotgani, bu qanday nazorat qilinayotganiga qiziqdi.

Bosh vazir o‘rinbosari – Moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov oxirgi vaqtlarda davlat tashqi qarzi bo‘yicha ommaviy axborot vositalarida ko‘plab maqolalar chop etilayogani, kimlardir o‘z fikrini bildirayotganini aytib o‘tdi va bu mamlakatdagi ochiqlikning belgisi ekanini ta’kidladi. 

“Joriy yil yakunlari bo‘yicha davlat tashqi qarzi 1,5 barobar ko‘payishi  kutilyapti. Bu yirik-yirik loyihalarni amalga oshirish bilan bog‘liq bo‘lgan, tashqi qarz shartnomalariga imzo chekilishi, mablag‘larni jalb etilishi bilan aloqador.

Agar, raqamlarga to‘xtalib, yil boshiga yaxlitlab aytadigan bo‘lsam, tashqi qarzimiz 9,9 mlrd dollarni tashkil etar edi. 2020 yil 1 yanvar holatiga kelib, 15 mlrd dollarga yaqinlashishi kutilyapti. 2019 yil 1 oktyabr holatiga tashqi qarzimiz 13,5 mlrd AQSH dollarini tashkil qilyapti. Mablag‘lar qayerdan kelyapti degan savolga to‘xtalib, yil boshi va yil oxirini qaraydigan bo‘lsak, tashqi qarz manbalari tarkibida sezilarli o‘zgarishlar yo‘q. Jami tashqi qarzning qariyb yarmi xalqaro moliya tashkilotlaridan olingan. Xalqaro moliya tashkilotlari asosan uzoq muddatli imtiyozli kreditlar beradi. Xalqaro moliya tashkilotlari ichida eng katta kreditorimiz Osiyo taraqqiyot banki. Yil yakunigacha OTBdan oladigan qarzimiz 3,6 mlrd dollarga yetishi kutilyapti, bu hozircha prognoz. Jahon bankining qarzi yil oxirigacha 2,7 mlrd dollar atrofida bo‘lishi kutilyapti”, dedi Moliya vaziri.

Shundan so‘ng, Jamshid Qo‘chqorov tashqi qarz manbalariga mamlakatlar kesimida to‘xtalib o‘tdi.

“Bizning mamlakatlar ichida eng katta kreditorimiz Xitoy (yil boshidagi tashqi qarz miqdori 2 mlrd dollar), keyingisi Yaponiya (1,5 mlrd dollar), Germaniya (334 mln dollar), Janubiy Koreya (114 mln dollar) bo‘lib, ulardan keyingi o‘rinlarda Fransiya, AQSH, Quvayt, Saudiya Arabistoni, Ispaniya va Rossiya turadi. Demak, mamlakatlar orasida ikkita asosiy kreditorimiz Xitoy va Yaponiya.

Tashqi qarzning nazorati haqida gapiradigan bo‘lsam, birinchidan, tashqi qarzga xizmat ko‘rsatish bilan bog‘liq xarajatlarimiz hozir juda ham mo‘’tadil darajada. Chunki joriy yilning yakunlari bilan tashqi qarzimiz yalpi ichki mahsulotga (YAIM) nisbatan yigirma besh foizni tashkil etadi. 4-5 oy avval Xalqaro valyuta jamg‘armasi (XVJ) bilan tashqi qarz bo‘yicha strategiyamizni ishlab chiqish bo‘yicha birga ishladik. XVJning ta’kidlashicha, tashqi qarz miqdori YAIMning 55 foizigacha bo‘lsa, xavfsiz hisoblanadi. Biz 55 foizmas, 50 foizni oldimizga maqsad qilib qo‘ydik, shundan kelib chiqib, “2020 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi qonun loyihasida ham har yili yangidan imzo chekiladigan tashqi qarz shartnomalari miqdorini 4 mlrd dollar bilan cheklab qo‘ydik”, deb ta’kidladi Bosh vazir o‘rinbosari.

U so‘zida davom etib, davlatning tashqi qarzlari bilan ishlovchi idoralarga to‘xtaldi. Qo‘chqorov Tashqi savdo va investitsiyalar, iqtisodiyot va sanoat, moliya vazirliklari bu bilan shug‘ullanishini va vazirliklarning sohadagi samaradorligini oshirish chindan katta vazifa ekanini ta’kidladi. Bu bo‘yicha hozir Prezident farmoni loyihasi tayyorlanayotgani, unga binoan Bosh vazir huzurida maxsus kengash yoki ishchi guruh tashkil etilishi, u tashqi qarz bilan bog‘liq loyihalarning nazorati bilan shug‘ullanishini ma’lum qildi.


Maqola muallifi

Teglar

qarz Jamshid Qo'chqorov Senat yalpi majlis

Baholaganlar

74

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing