Suriyadagi o‘zbekistonliklarni qutqarish operatsiyasiga tayyorgarlik boshlandi
Jamiyat
−
17 iyul 2019
7960O‘zbekiston Yaqin Sharqdagi jangovar harakatlar davom etayotgan hududlardagi 177 nafar fuqarosini qaytarishga tayyorgarlik ko‘ryapti. Bu haqda “Cabar.asia” O‘zbekiston maxsus xizmatlariga tayanib xabar berdi.
“Ular hozir Suriyaning Al-Xasaka viloyatidagi “Al-Xol” lagerida. Ularning shaxslari aniqlangan. Ular 48 ta ayol, qolganlari esa bolalardan, jumladan uchta yetim boladan tashkil topgan”, degan DXX.
Joriy yilning 30 may kuni gumanitar amaliyot natijasida O‘zbekiston qurolli to‘qnashuvlar hududida bo‘lgan 156 ta fuqarosini mamlakatga qaytardi. Ular maxsus reys bilan Damashqdan Toshkentga keltirilgandi.
Ushbu maxsus operatsiya “Mehr” deb nomlandi va musulmonlar uchun muqaddas bo‘lgan Ramazon oyida amalga oshirildi. Amaliyotni o‘tkazishda bir qator xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlar, jumladan Qizil xoch qo‘mitasi va YUNISEF ko‘maklashgan.
fuqarolarni Suriyadan qaytarish bo‘yicha topshiriqni shaxsan Shavkat Mirziyoyev bergan. Keyinroq Mirziyoyev ushbu jarayon qiyin kechganini tan oldi.
“Suriyadan fuqarolarimizni katta qiyinchilik bilan olib keldik. U yerga uchgan birinchi samolyotimizni urib tushirish bilan tahdid qilishdi. Menga qo‘ng‘iroq bo‘ldi, urib tushirishmoqchi deb. Men eng yaqin aeroportga qo‘nish haqida topshiriq berdim. Ular Ozarbayjonga qo‘nib, keyin ortga qaytishdi. Jangarilar lageriga 5 ta avtobusimiz kirib, 2 tasi qaytib chiqdi. Qolgan fuqarolarimizni bermadi”, – dedi prezident Senatning Toshkentdagi 20-yalpi majlisida.
Mirizyoyevning so‘zlariga ko‘ra, fuqarolarni harbiy harakatlar zonasiga ketishiga mamlakatda sharoitlar yetishmasligi sabab bo‘lgan. Prezident ushbu sabablarni bartaraf qilish kerakligi haqida gapirgan.
“Xo‘sh, ular nima uchun ketgan? Ahvolimiz xarob bo‘lgani uchun, sharoit bo‘lmagani uchun ketgan. Lekin u yerda nima bo‘ldi? Xotin-qizlarimizni sotishdi, besh bola besh otadan, 14 yoshli qiz tuqqan. Shu holat bizga yarashadimi?”, degandi davlat rahbari.
Qaytarilganlar kimlar?
O‘zbekiston Davlat xavfsizlik xizmatining ma’lumotiga ko‘ra, repatriantlar Markaziy Osiyoda taqiqlangan “Islom davlati” terroristik tashkiloti nazorat qilgan hududlarda bo‘lgan.
Ularning orasida 48 ta ayol, bir erkak, qolganlari yosh bolalar, jumladan ikkita yetim bola ham bor. Yetib kelishi bilan ularning barchasini Toshkent viloyatidagi “Bo‘ston” sanatoriysiga joylashtirishgan. U yerda ushbu fuqarolarga tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda, ular bilan psixologlar va imom-xatiblar shug‘ullanmoqda.
“Tibbiy tekshiruv jarayonida ikki ayol va bir bola o‘q tegishi natijasida oyoqlaridan ayrilganligi, yana bir bola o‘tkir ichak infeksiyasidan aziyat chekayotgani, bolalarning 25 tasida somatik kasalliklar bo‘lgani aniqlangan. Uchta bolaga pnevmoniya va septik otit tashxisi qo‘yilgan. Yana bir bola pastki jag‘ osteomiyeliti tashxisi bilan Toshkent tibbiyot akademiyasi klinikasiga yotqizilgan”, deb javob berdi DXX CABAR.asia portalining so‘rovnomasiga.
Bundan tashqari, ikki ayolning qo‘lida sakkiz va o‘n oylik go‘daklari bor. Yana bir 14 yoshli qizning to‘rt oylik chaqalog‘i bor. Prezident aynan shu qiz haqida gapirgandi. Ularning orasida shuningdek olti oylik homilador ayol ham bor.
Hozirda repatriantlarga pasportlar va tug‘ilganlik haqida guvohnomalar berilgan. Ba’zilarga qarshi jinoiy ish ochilgan, ammo ularga nisbatan hibs bilan bog‘liq bo‘lmagan choralar ko‘rilmoqda.