O‘zbekiston so‘nggi 3 oyda 23 ming tonnadan ortiq kartoshka import qildi
Jamiyat
−
02 aprel 2020
5473O‘zbekiston Respublikasiga import tarzida olib kelinayotgan tovarlarga hamda oziq-ovqat mahsulotlarining kirib kelishiga karantin bilan bog‘liq cheklovlar ta’sir etmaydi. Bu haqda Davlat bojxona qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i Farhod Olimjonov ma’lum qildi.
“O‘rnatilgan cheklovlar tashqi savdo yuklariga taalluqli emas”, dedi boshqarma boshlig‘i.
Uning so‘zlariga ko‘ra, yanvar-mart oylarida respublikaga avtotransport orqali 698,2 ming tonna tovar, temir yo‘l orqali esa 4 million 875,0 ming tonna tovar olib kelingan.
“Oziq-ovqat mahsulotlari respublikamizga kunu-tun to‘xtovsiz kirib kelmoqda. Bu borada fuqarolarimizning aslo xavotirga tushishlariga o‘rin yo‘q”, deydi Farhod Olimjonov.
Olib kirilgan oziq-ovqat mahsulotlarining asosiy qismini kartoshka (23,03 ming tonna), un, (12,54 ming tonna), o‘simlik yog‘i (11,5 ming tonna), shakar (26,6 ming tonna), go‘sht (1,8 ming tonna), qandolat mahsulotlari (1,7 ming tonna) va guruch (1,3 ming tonna) tashkil etmoqda.
Ta’kidlanishicha, joriy yil 16-31 mart kunlari tovarlarning tashqi savdo hajmi — 943,3 million AQSH dollarini tashkil etmoqda.