Dori importchilari dorixonalarga qo‘shimcha preparatlarni majburan sotyaptimi?

Jamiyat

−

image

O‘zbekistonda ayrim dori importchilari talab yuqori bo‘lgan preparatlarni sotishda boshqa dorilarni ham majburan xarid qilish shartini qo‘yayotgani haqidagi shikoyatlar o‘rganilmoqda. Bu haqda Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi xabar berdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilning dastlabki to‘qqiz oyida O‘zbekistonga 305 ta korxona dori vositalarini import qilgan. Shundan importning 47,2 foizi beshta korxona hissasiga to‘g‘ri kelgan.

Qayd etilishicha, ayrim importyorlar va ulgurji distribyutorlar talab yuqori bo‘lgan dori vositalarini sotishda xaridorlarga boshqa buyurtma berilmagan preparatlarni ham birga sotib olish shartini qo‘yayotgani haqida ijtimoiy tarmoqlarda shikoyatlar ko‘paygan. Bunday holatlar kichik tadbirkorlarning iqtisodiy manfaatlariga zarar yetkazishi va bozordagi raqobatga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Qo‘mita ma’lumotlariga ko‘ra, 2023 yilda mamlakatda jami 13 744 ta dorixona mavjud bo‘lgan. 2024 yilda ularning soni 5,6 foizga kamayib, 13 010 tani tashkil etgan. 2026 yil 1 oktyabr holatiga esa dorixonalar soni 14 598 taga yetgan.

Ushbu dorixonalarning 449 tasi ulgurji, 14 149 tasi chakana savdo bilan shug‘ullangan. Chakana dorixonalarning 7 940 tasi asosiy dorixona, 6 209 tasi esa filiallardan iborat bo‘lgan.

“Raqobat to‘g‘risida”gi qonunning 14-modda (Ustun muzokara kuchi) va 18-moddalariga (Ustun mavqeni va ustun muzokara kuchini suiiste’mol qilishni taqiqlash) ko‘ra, xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning ustun muzokara kuchidan foydalanib, hamkorlarga kamsituvchi shartlar qo‘yishi yoki shartnoma tuzishni boshqa tovarlarni ham xarid qilish shartiga bog‘lashi qonunbuzilish hisoblanishi mumkin.

Shuningdek, raqobatchilar ishlab chiqargan tovarlarni xarid qilish yoki sotishni taqiqlash va cheklash kabi harakatlar uchun moliyaviy sanksiyalar belgilangan. Qonunbuzilish aniqlansa, sanksiya miqdori huquqbuzarlik sodir etilgan davrda, biroq so‘nggi uch yildan ortiq bo‘lmagan muddatda tovarlarni realizatsiya qilishdan olingan tushumning 5 foizini tashkil qilishi mumkin.

Ayni paytda Raqobat qo‘mitasi dori vositalarining ulgurji savdosida raqobatga zid shartlar qo‘yilishi bilan bog‘liq holatlarni o‘rganmoqda. Agar talab yuqori bo‘lgan dorilarni xarid qilishda boshqa preparatlarni ham majburan sotib olish sharti qo‘yilgani va bu raqobat to‘g‘risidagi qonunchilikni buzishi aniqlansa, tegishli korxonalarga nisbatan qonunchilikda belgilangan choralar qo‘llanilishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda reklama va tashqi yozuvlarni davlat tili talablariga muvofiqlashtirish bo‘yicha o‘tkazilgan monitoringlarda 4 496 ta kamchilik aniqlangani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing