O‘zbekiston sug‘orish tizimini modernizatsiya qilish uchun 250 mln dollar qarz oladi
Jamiyat
−
13 iyun 2025 3810 1 daqiqa
O‘zbekiston bo‘ylab 110 ta sug‘orish nasos stansiyasini modernizatsiya qilish uchun 250 million AQSH dollarigacha bo‘lgan suveren kredit ajratiladi. Bu haqda kecha, 12 iyun kuni Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YeTTB) hamda O‘zbekiston Respublikasi o‘rtasida imzolangan bitimda so‘z boradi.
Hujjatga ko‘ra, loyihada 10 ta hudud qamrab olinadi va u O‘zbekiston sug‘orish tizimini modernizatsiya qilish bo‘yicha Milliy dastur ijrosiga ko‘maklashadi. Natijada yiliga 251 ming Mvt⋅soat elektr energiyasi tejaladi va atmosfera havosiga chiqariladigan karbonat angidrid miqdori 117 ming tonnadan ortiq kamayadi. Shuningdek, loyiha doirasida nasos stansiyalarining tomlariga quyosh panellari o‘rnatilishi kabi qo‘shimcha infratuzilma ham yangilanadi.
Qayd etilishicha, hozirgi kunda YeTTBning O‘zbekistondagi investitsiyaviy portfeli 5,6 milliard yevro qiymatidagi 181 ta loyihani o‘z ichiga oladi. Mablag‘larning asosiy qismi xususiy sektorni rivojlantirishga yo‘naltirilgan. O‘zbekiston 5 yildan buyon Markaziy Osiyoda YeTTB investitsiyalarining eng yirik manzili bo‘lib qolmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Jahon bankining Ijroiya direktorlar kengashi irrigatsiya va drenaj infratuzilmasini modernizatsiya qilish, shuningdek, fermerlarga irrigatsiya xizmatlarini ko‘rsatish sifatini oshirish loyihasini amalga oshirish uchun O‘zbekistonga 200 mln dollar miqdorida imtiyozli kredit ajratishni ma’qullagan edi.