Mirziyoyev YeTTB prezidentini qabul qildi
Jamiyat
−
11 iyun 4086 2 daqiqa
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 11 iyun kuni Xorijiy investorlar kengashining uchinchi majlisi arafasida Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki prezidenti Odil Reno-Basso boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, O‘zbekiston bilan ushbu nufuzli xalqaro moliyaviy institut o‘rtasidagi strategik hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari ko‘rib chiqilgan.
“Qo‘shma loyihalar portfeli kengayib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi: YeTTBning O‘zbekistonga investitsiyalari 5,5 milliard yevrodan oshdi. Joriy yilda yana 1,1 milliard yevro jalb qilish rejalashtirilgan bo‘lib, uning katta qismi xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltiriladi”, deyiladi xabarda.
Bildirilishicha, sheriklik strategiyasi samarali amalga oshirilmoqda. YeTTBning faol ko‘magi bilan bank sohasini transformatsiya qilinmoqda. Davlat rahbari hamkorlik natijadorligini oshirish muhimligini ta’kidlab, uning asosiy ustuvor yo‘nalishlarini ko‘rsatib o‘tdi.
Suv ta’minoti tizimini texnologik jihatdan modernizatsiya qilish, energiya samaradorligini oshirish dasturini ilgari surish, ipoteka bozorini, erkin iqtisodiy zonalar infratuzilmasini rivojlantirish, kichik va o‘rta biznes imkoniyatlarini kengaytirish, ayollar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash kabi yo‘nalishlar shular jumlasidan.
Ta’lim va tibbiyot sohalarida davlat-xususiy sheriklik loyihalarini ilgari surish, sun’iy intellektni joriy qilish va raqamli transformatsiyaga qaratilgan startaplarni qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratildi.
Xorijiy investorlar kengashining bo‘lajak uchinchi majlisi kun tartibi yuzasidan ham fikr almashildi.
Live
BarchasiNamanganda yana zilzila bo‘ldi
06 dekabr