O‘zbekiston Rossiyaga ISHID jangarilarini tutishga yordam berdi – Bortnikov
Jamiyat
−
05 Oktabr
7410O‘zbekiston Davlat Xavfsizlik xizmati axboroti bilan joriy yilda Rossiyada ISHIDga aloqador guruhlarning 15 a’zosi aniqlandi. Bu haqda kecha, 4 oktyabr kuni Rossiya Federal Xavfsizlik xizmati rahbari Aleksandr Bortnikov Qozog‘istonning Ostona shahrida Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligiga a’zo mamlakatlarning xavfsizlik va maxsus xizmatlari rahbarlari Kengashi yig‘ilishida so‘z ochdi.
“Joriy yilning iyul oyida O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati axboroti asosida Rossiya FXX tomonidan “Xuroson viloyati” xalqaro terrorchilik tashkiloti mintaqalararo yacheykasining 10 jangaridan iborat faoliyati to‘xtatildi”, degan Bortnikov.
Bortnikov so‘zlariga ko‘ra, o‘zbekistonlik hamkasblari yordami bilan Rossiya hududida yangi jangarilarni yollash va terrorizmni moliyalash bilan shug‘ullangan ISHID va “Hay’at Tahrir ash-Shom” deb nomlangan guruhning besh a’zosi qo‘lga olingan.
Rossiya FXX raisining ma’lum qilishicha, Tojikiston Milliy Xavfsizlik Davlat qo‘mitasi ko‘magi bilan Rossiya hududida ekstremistik faoliyati uchun xalqaro qidiruv e’lon qilingan to‘rt shaxs qo‘lga olingan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qozog‘istonda MDH davlatlari xavfsizlik organlari va maxsus xizmatlari rahbarlari kengashining 55-majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Davlat xavfsizlik xizmati raisi Abdusalom Azizov, Qozog‘iston Milliy xavfsizlik qo‘mitasi raisi Yermek Sagimbayev, Rossiya Tashqi razvedka xizmati direktori Sergey Narishkin, Rossiya Federal xavfsizlik xizmati direktori Aleksandr Bortnikov, Tojikiston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi rahbari Saymo‘min Yatimov, Ozarbayjon Davlat xavfsizlik xizmati rahbari Ali Nagiyev, Armaniston va Belarus delegatsiyalari, shuningdek, Ijroiya qo‘mita va MDH Aksilterror markazi vakillari ishtirok etgan. Aleksandr Bortnikov ushbu tadbirda ayni paytda Rossiya “Tolibon”ni terrorchilik tashkilotlari ro‘yxatidan chiqarish masalasini ko‘rib chiqishni yakunlayotganini ham aytgandi.
LiveBarchasi